Xitoydagi vaziyat. Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi bir sutka ichida mamlakatda koronavirus qurbonlari soni 142 kishiga ko‘payib, yana 1323 kishi kasallikni yuqtirib olgan. 16-fevral holatiga ko‘ra, Xitoyda 68 500 holatda koronavirus bilan xastalanish qayd etilgan, jahon bo‘yicha esa 69 mingdan ortiq inson virus bilan infeksiyalangan. Xitoyda koronavirus qurbonlarining umumiy soni 1665 kishiga yetgan, 9 419 kishi esa kasallikni yengib o‘tib, tuzalishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: AP

Xitoydan tashqarida kasallanganlar soni bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Yaponiyada — 16-fevral holatiga ko‘ra, u yerda 338 kishi koronavirusni yuqtirib olgan.

Foto: AP

Shuningdek, Singapurda 72 kishi, Gonkongda 56 kishi, Tailandda 33 kishi, Janubiy Koreyada 28 kishi aynan shu tashxis bilan kasalxonaga yotqizilgan. 15-fevral, shanba kuni esa koronavirusdan vafot etish bilan bog‘liq Yevropadagi ilk holat qayd etilgan. Fransiyada esa 80 yoshli xitoylik sayyoh olamdan o‘tgan. Qariya Fransiyaga koronavirusning o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasidan kelgan.

Xitoydagi yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri Zhejiang Hisun Pharmaceutical hukumatdan COVID-19 koronavirusiga qarshi “Favipiravir” potensial dori vositasini sotishni boshlash bo‘yicha ruxsat oldi. Dori sotuvga chiqqach, kompaniya uni klinik sinovdan o‘tkazishni davom ettirishi kerak bo‘ladi. Avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh ijrochi direktori Sumiya Svaminatan COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksinalarni insonda sinovdan o‘tkazish to‘rt-besh oydan so‘ng boshlanishini ma’lum qilgandi. Xitoyning AQShdagi elchisi esa koronavirusning harbiy ixtirolarga bog‘liqligini rad etgan edi.

Foto: Global Look Press

Koronavirusdan eng ko‘p talafot ko‘rgan Xubey provinsiyasi hukumati shahar va qishloqlarda yashovchi fuqarolarning harakatlanishi uchun transport xizmatlaridan foydalanishni cheklab qo‘yish haqida qaror chiqardi. Ushbu chora-tadbirlar hududda infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida amalga oshirilgani aytilmoqda. Shuningdek, Uxan aholisiga koronavirus sabab o‘z mikrorayonlarini tark etish taqiqlab qo‘yildi.

Foto: Getty Images

Xitoy rahbari Si Szinpin Uxan shahrida tarqalgan zotiljam kasalligi bo‘yicha profilaktika choralarini ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmani yanvar oyi boshidayoq bergan. U 22-yanvarda kasallik o‘chog‘i hisoblangan Xubey provinsiyasiga odamlarning hududdan chiqishini “to‘liq va qat’iy nazorat qilish” to‘g‘risida farmoyish yo‘llaganini ma’lum qildi.

Xitoyda koronavirus bilan kasallangan, biroq xastaligini qasddan yashirgan yoki safarlari tarixini oshkor qilmagan fuqarolarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkin. Infeksiyaning tarqalishiga yo‘l qo‘ygan shaxs jamoat xavfsizligiga tahdidni keltirib chiqarishda ayblanishi mumkin.

Xitoyda Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi rasmiy vakili Lyan Vannyan mamlakat koronavirusga qarshi kurashda “hal qiluvchi palla” kelganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, Xitoydagi deyarli barcha provinsiyalarda koronavirusni yuqtirish holatlari qatorasiga o‘n kundan beri pasaymoqda. Biroq Xubey provinsiyasi bundan istisno bo‘lib turibdi. Kasallik o‘chog‘i bo‘lgan mazkur hududning ayrim joylarida kasallanganlar soni tez sur’atlar bilan ko‘payib bormoqda.

Foto: South China Morning Post

Gonkongda koronavirus tufayli birlamchi ehtiyoj mahsulotlarining yetishmasligidan vahimaga tushgan qurollangan bosqinchilar 600 o‘ram hojatxona qog‘ozini o‘g‘irlab ketdi.

O‘zbekistondagi vaziyat. Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxriddin Ko‘ja O‘zbekiston Turkiyadan koronavirusni ikki soat davomida aniqlash imkonini beruvchi tibbiy anjomlarni xarid qilishini ma’lum qildi. Vazirga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga asosan ishlab chiqilgan mazkur tibbiy anjomlar koronavirusni 99,6 foizgacha aniqlik bilan topadi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston bunday komplektlardan 10 mingtadan buyurtma qilgani bildirilmoqda, biroq ularning narxi aytilmagan.

AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekiston va Qozog‘iston infratuzilmalari koronavirusga qarshi turish uchun tayyor emasligiga e’tibor qaratdi“Biz virusdan himoyalanish uchun kerakli infratuzilmaga ega bo‘lmagan hududlar mavjudligidan xavotirdamiz. Koronavirus kabi keng ko‘lamli xavfga qarshi tura olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, Xitoy bilan uzoq chegaradosh Qozog‘iston va O‘zbekistonda bo‘ldim”, — deydi Pompeo.

Mayk Pompeo

Foto: AP

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasida “Yuqumli kasalliklar profilaktikasi” mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyatda 189 nafar fuqaro koronavirusga qarshi tibbiy kuzatuvga olingani ma’lum qilindi.

Jahondagi vaziyat. Toyota Motor kompaniyasi 17-fevral, dushanba kunidan Xitoydagi koronavirus tarqalgani sababli to‘xtatilgan zavodlari ishini tikladi. Peterburg sudi koronavirus bo‘yicha karantindan qochib ketgan ayolni kasalxonaga majburan yotqizishga ruxsat berdi.

Noma’lum va endilikda ma’lum koronavirus tarqalishi bilan unga aloqador xabarlar va yangiliklar OAVni “portlatdi”. Faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyoda kasallik va uning oqibatlari haqida eshitmagan, undan hayiqmagan odam bo‘lmasa kerak. Ko‘rshapalak sho‘rva, koronavirusning 25 ming qurboni, otib tashlanayotgan kasallar. Koronavirus haqida yana qanday feyk xabarlar tarqatildi? Batafsil