Sankt-Peterburgda yashovchi Alla ismli ayol Xitoydan qaytganidan so‘ng 14 kunlik koronavirus karantinga joylashtirilgan kasalxonadan qochib ketgani haqida xabar berilgan edi.

Foto: “RBK”

Meduza’ning ma’lum qilishicha, Petrograd tuman sudi shaharning bosh sanitariya xodimi koronavirus karantinidan qochgan Alla Ilyinani majburiy kasalxonaga yotqizish to‘g‘risidagi ma’muriy da’vosini qondirdi.

Sud qarorida ta’kidlanishicha, ayol kasalxonada kamida 19-fevralgacha, uning tahlil natijalari tayyor bo‘lgunga qadar yotishi kerak. Ilyina sud qarorini bajarishga va’da bergan.

Eslatib o‘tamiz, 32 yoshli Alla Ilyina 7-fevral, juma kuni, kasalxonadagi karantin izolyatori elektron qulfini buzib, qochib ketgan edi. Kasalxona bosh shifokori ayolning xatti-harakatlarini bezorilik deb atagan va sudga murojaat qilgan.

Sudga taqdim etilgan tibbiy hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, Botkina kasalxonasining yana uch nafar bemori karantindan qochib ketgan, ammo ularning ikki nafari yana kasalxonaga qaytib kelgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirus bilan kasallanganlarning umumiy soni 70 548 kishini tashkil qilmoqda. Xitoyda koronavirusning avj pallasi ortda qolib, yangi kasallanganlar soni asta-sekin kamaygani va kelajakda vaziyatning yaxshilanishini kutish mumkinligi aytildi.

Avvalroq Xubey provinsiyasida koronavirus sabab o‘layotganlar soni kamaya boshlagani ma’lum qilingan edi. Shuningdek, Xitoyda koronavirusga qarshi kurashda “hal qiluvchi palla” kelgani, koronavirus bilan kasallangan, biroq xastaligini qasddan yashirgan yoki safarlari tarixini oshkor qilmagan fuqarolarga nisbatan jinoiy javobgarlik joriy etilishi mumkinligi xabar berilgan.

Xitoydagi yirik farmatsevtika kompaniyalaridan biri Zhejiang Hisun Pharmaceutical hukumatdan COVID-19 koronavirusiga qarshi “Favipiravir” potensial dori vositasini sotishni boshlash bo‘yicha ruxsat oldi.