Yashil energetika – qazilma yoqilg‘i sarfisiz, atmosferaga CO va CO2 gazlari chiqarmaydigan va natijada atrof-muhit ekologiyasiga ziyon yetkazmagan holda energiya ta’minotini amalga oshirilishini ko‘zda tutadigan konsepsiyadir. Bunda iste’mol talabini imkon qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari – Quyosh va shamol energetikasi hamda boshqa muqobil energiya manbalari evaziga qondirilishi maqsad qilingan. Buni shuningdek “musaffo energiya” ham deyiladi.
Musaffo energetika nuqtai nazaridan, o‘tgan 2019-yil jahon tarixida eng muvaffaqiyatli yil bo‘lganini statistik ma’lumotlar tasdiqlamoqda. Albatta, bu boradagi asosiy yutuqlar Yevropa mamlakatlari tomonidan qayd etilgan. Xususan, Daniya misolida o‘tgan yilgi shamol va Quyosh energiyasidan olingan elektr energiyasi miqdori, umumiy ishlab chiqarish hajmining 50 foizini tashkil qildi va bunda ilk bor muqobil energiya manbalari ishlab chiqarishi hajmi an’anaviy energetika sohalari ishlab chiqarish hajmidan oshib ketdi. Buyuk Britaniyada esa tarixda ilk bor umumiy iste’mol hajmining 48,5 foizi muqobil energiya manbalari evaziga qondirildi va bu an’anaviy energetika tarmog‘i yetkazib bergan 43 foiz ko‘rsatkichdan naq 5,5 foizga ko‘p bo‘lib, bu tarixiy marra sifatida e’tirof etilgan.
Yuqoridagilardan xulosa qilsak, demak, jahon iqtisodiyoti asta-sekinlik bilan o‘sha yashil energetika konsepsiyasini amalga joriy qilib bormoqda va Yevropaning eng qudratli iqtisodiyotiga ega mamlakatlardan biri – Germaniya ham bu borada bayroqdor bo‘lishga intilmoqda.
Germaniyaning Fraungofer nomidagi Quyosh energetikasi tizimlari instituti (ISE) taqdim etgan hisobotda ta’kidlanishicha, 2019-yilda Germaniyada ham ilk bor qazilma yoqilg‘i evaziga olingan energiya ulushidan ko‘ra musaffo energiya ulushi ustunroq bo‘lgan. 2019-yilda muqobil energiya manbalari evaziga nemislar ishlab chiqargan energiya hajmi umumiy ishlab chiqarish hajmining 46 foizni tashkil etdi va bu avvalgi, 2018-yilgi ko‘rsatkichdan 6 foizga ziyoda bo‘ldi deganidir. Ma’lumot uchun, 2019-yilda Germaniya energetikasi umumiy ishlab chiqarish hajmining atigi 40 foizini yoqilg‘i yonishi evaziga ta’minlagan.
Bunda Quyosh fotoelektr tizimlari hosil qilgan elektr energiyasi miqdori 46,5 Tvt/soat bo‘lgani qayd etilmoqda. Bu boradagi yillik o‘sish 1,7 foizni tashkil qilgan. Quyosh energetikasining eng maksimal ishlab chiqarish darajasi aprel oyiga to‘g‘ri kelgan.
Shamol energetikasi tizimi esa o‘tgan yili tarmoqqa 127 Tvt/soat elektr energiyasi yetkazib bergan va bu avvalgi yilga nisbatan 15,7 foizga ko‘p demakdir. Shamol energetikasi Germaniyada 2019-yili ko‘mir yoqilishi evaziga olinadigan energiya hajmidan ham va AESlar ishlab chiqargan energiya hajmidan ham ko‘proq energiya yetkazib berdi.
Atom energetikasi esa avvalgi ishlab chiqarish hajmini o‘zgartirmagan. Eslatib o‘tamiz, Germaniyada atom energetikasidan bosqichma-bosqich voz kechish dasturi mavjud bo‘lib, 2022-yilda so‘nggi atom reaktori to‘xtatilishi maqsad qilingan.
Germaniyada muqobil energetikaga o‘tilishi bu qadar jadal sur’at kasb etayotgani boisi sifatida hisobotda, hukumat energiya ishlab chiqaruvchilarda nisbatan qo‘llaydigan va atmosferaga tashlanadigan har bir tonna CO2 uchun talab qilinadigan sertifikat narxining borgan sari ko‘tarilib borayotgani bilan izohlangan. Natijada ko‘mir va gaz yoqib elektr energiyasi oladigan generatorlarda olingan har kilovatt energiya tannarxi o‘ta qimmat bo‘lib ketmoqda va bu o‘z-o‘zidan ular uchun ishlab chiqarish hajmini kamayishiga olib kelyapti. Pirovardida, birjada muqobil energetika taklif qilayotgan narx iste’molchilarga ko‘proq ma’qul kela boshlagan. Natijada energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarning aksariyati endilikda o‘z faoliyatini aynan Quyosh va shamol energetikasi tarmog‘iga o‘zgartirishga ham bel bog‘lagan.
Demak, yetakchi mamlakatlarda yashil energetikaga o‘tish allaqachon boshlangan va bu yaqin o‘n yillikda real voqelikka aylanishi tayin. 2020-yil esa bu borada tub burilish yili bo‘lishi kutilmoqda.
Muzaffar Qosimov tayyorladi.
Izoh (0)