Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Lacetti oynasini qoraytirib, inspektorga Captiva’ning tonirovka ruxsatnomasidan nusxa ko‘rsatgan haydovchisi qo‘lga tushdi. Bu haqda “Daryo”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, YPX inspektori Lacetti mashinasini tekshirish uchun to‘xtatgan. Mashina hujjatlari ko‘zdan kechirilganda uning oynalarining tusini o‘zgartirishga ruxsat beruvchi ruxsatnoma inspektorda shubha uyg‘otgan.
Olib borilgan dastlabki surishtiruv jarayonida ruxsatnoma Buxoro viloyatida ro‘yxatda turuvchi Captiva avtomashinaga berilgan bo‘lib, Lacetti haydovchisi ushbu ruxsatnomani nusxa ko‘chirish yo‘li bilan soxtalashtirganligiga iqror bo‘lgan.
Haydovchining harakatlarida Jinoyat kodeksining 228-moddasida (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli unga nisbatan to‘plangan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilishlik uchun Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani IIB Tergov bo‘limiga yuborilgan bo‘lib, holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)