3-fevral kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonda Xitoy investitsiyalari bilan raqobat haqida so‘zlab berdi, deb yozadi Spot.

Foto: Reuters

Associated Press jurnalisti Met Li Pompeoga davlat kotibi Markaziy Osiyoga tashrifi davomida Xitoy va uning investitsiyalarining ushbu mamlakatlarga ta’sirini tashvishlanib tilga olgani, ayniqsa Huawei tomonidan 5G texnologiyasi joriy etilishini alohida qayd etgani haqida eslatdi.

“Markaziy Osiyoning Xitoyga yaqinligi va ular (Markaziy Osiyo mamlakatlari) hali ham rivojlanib borayotgani va infratuzilmaga sarmoya kiritishga ehtiyojmandligi yuzasidan tashvishlanishga asos bormi?”, — deb so‘radi jurnalist.

Maykl Pompeo bunga javoban AQSh O‘zbekistonni shaffof qonun ustuvorligi va investitsiyalar uchun qulay muhit yaratishda qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

“Biz AQSh kompaniyalari O‘zbekistonda yangi imkoniyatlar va yangi ish o‘rinlari yaratishni davom ettirish imkoniga ega bo‘lishini istaymiz”,— dedi Pompeo.

“Shuning uchun bizning vazifamiz aniq, bu yerda buyuk ikki tomonlama sherik bo‘lish, nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama asosda ishlash”, — deya so‘zlarini davom ettiradi Pompeo.

“Biz aminmizki, Amerika kompaniyalari O‘zbekistonga kelganida biz bu yerda mahalliy aholi uchun ish o‘rinlarini yaratamiz, mahalliy qoidalarga rioya qilamiz, atrof-muhitni ifloslantirmaymiz. Biz yaxshi fuqarolarmiz, biz yaxshi qo‘shnilarmiz. Amerika kompaniyalari va Amerika investitsiyalari ushbu mamlakatning mustaqilligi va suvereniteti talabiga javob”, — deydi Pompeo.

Shuningdek, u shtatlar dunyoning istalgan nuqtasida adolatli raqobatni ijobiy qarshi olishini ma’lum qildi.

“Boshqa davlatlar shaffoflik va ochiqlik qoidalariga rioya qilgan holda, davlat tomonidan homiylik qilingan siyosiy sabablarga ko‘ra emas, balki haqiqiy bozor bitimlarini amalga oshiradigan raqobat, — deya AQSh davlat kotibi ta’kidladi.

“Bunda davlat tomonidan siyosiy maqsadlarni ko‘zlab homiylik qilinadigan raqobat emas, balki boshqa davlatlar ham shaffoflik va oshkoralik qoidalariga rioya qilgan holda haqiqiy bozor bitimlarini amalga oshiradigan vaziyatdagi raqobatni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deydi Pompeo.

Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar mamlakatlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikning yaxshi natijalari tufayli o‘sishda davom etishiga ishonch bilan mintaqani tark etadi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo 2-fevral kuni O‘zbekistonga keldi. U dastlab Toshkent shahar bosh imom xatibi Nuriddin Xoliqnazarov va boshqa diniy faollar bilan uchrashdi. Keyin esa O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokara o‘tkazdi. Ushbu muzokara chog‘ida AQSh Afg‘oniston bilan munosabatlarni mustahkamlash uchun O‘zbekistonga 1 mln dollar ajratishi ma’lum bo‘ldi.

Pompeo shuningdek Toshkentda “C5+1” shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi. Shundan so‘ng Maykl Pompeoni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qildi.