Toshkentning Olmazor tumanida 14-yanvar, seshanba kuni soat 16:00 atrofida 3-Beruniy dahasidagi besh qavatli uyning beshinchi qavatida uch yosh-u 11 oylik bola osilib qolgani haqidagi videoxabar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga aylangandi. Bola uyda yolg‘iz qolganligi sababli o‘ynab, derazadan chiqib ketgan, lekin u aholi tomonidan pastda adyol tutib ushlab qolingan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, 15-yanvar kuni Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi bolalar majmuasida malakali shifokorlar tomonidan bola takroriy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, bola og‘ir jarohat olmaganligi va ahvoli yaxshi ekani yana bir bor tasdiqlandi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

“Ushbu kutilmagan holatdan hali ham shokdaman. Farzandim shamollagani uchun bir muddatga uyda qoldirib, boshqa bolamni maktabdan olib kelish uchun chiqqandim. Shu orada falokat oyoq ostida deganlaridek, bu voqea bo‘lib turibdi. Qo‘shni va shifokorlardan bolamning hayotini asrab qolishdagi beminnat yordami uchun juda ham minnatdorman”, — degan bolaning onasi.