15-yanvar, chorshanba kuni ommaviy axborot vositalari uchun “O‘zRTXBda birja savdolari va elektron tijoratning rivojlanish natijalari va istiqbollari” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zRTXB matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
2019-yilda O‘zRTXBning barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2018-yilga nisbatan 35,6 foizga o‘sib, 43,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Bunda tuzilgan bitimlarning hajmini 87 foizdan ko‘pi birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlari, shu jumladan, ko‘rgazma-yarmarka savdolari, elektron davlat xaridlari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auksionlariga to‘g‘ri kelgan.
O‘tgan yilda birinchi navbatda birja savdolarida sotilayotgan tovarlarning soni va hajmining ko‘payishi evaziga tadbirkorlar tomonidan yuqori likvidli va monopol mahsulotlaridan erkin foydalanishi imkoniyatlari yanada kengaytirildi. Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan shartnomalarning hajmi 2018-yilga nisbatan 31 foizga o‘sib, deyarli 21,0 trillion so‘mni tashkil etdi. Shu jumladan, tadbirkorlar birja orqali 13,4 trillion so‘mlik tovar resurslarini xarid qilgan va 7,5 trillion so‘mga teng o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni sotgan.
Ijobiy o‘zgarishlar birjaning eksport yo‘nalishida ham qayd etilgan. Xususan, o‘tgan yilda birja orqali eksportga sotilgan tovarlarning umumiy qiymati 130,8 million AQSh dollarini tashkil etdi va ushbu ko‘rsatkich 2018-yilga nisbatan 5,7 foizga ko‘pdir. 2020-yilning 1-yanvaridan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi faqat birja savdolari orqali eksport qilinishi mazkur ko‘rsatkichlarni yanada ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
Izoh (0)