Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on turk armiyasi bo‘linmalari Liviya tomon harakatlanishni boshlaganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, bu “harakatlarni muvofiqlashtirish va vaziyat barqarorligi” uchun qilinmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on.

Foto: Al Arabiya

“U yerga boradigan askarlarimizning vazifasi — harakatlarni muvofiqlashtirish. Ular u yerda operativ markaz tashkil etishadi”, — dedi Erdo‘g‘on CNN Turk telekanaliga bergan intervyusida.

3-yanvar kuni manbalar Turkiya Liviyaga dastlabki harbiylarni yaqin ikki kun ichida yuborishini ma’lum qilgan edi. Kuni kecha Turkiya parlamenti Erdo‘g‘onning Liviya Milliy birdamlik hukumati (MBH)ga harbiy yordam yuborish haqidagi iltimosini ma’qullagan edi.

Shundan so‘ng Liviya milliy armiyasi (LMA) feldmarshali Xalifa Xaftar “tashqaridan bo‘layotgan tajovuzga qarshi turish uchun” umumiy safarbarlik e’lon qilgan edi.

Liviyada 2011-yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushida MBHning asosiy raqibi Xalifa Xaftarning armiyasi hisoblanadi. LMA kuchlari hozirda Tripolini egallash uchun jangovar harakatlar olib bormoqda.

Dekabr oyi oxirida MBH Turkiyadan rasman harbiy yordam so‘ragan edi. O‘shanda gap Xalifa Xaftar kuchlarining Tripoliga bostirib kirishining oldini olish uchun “havodan, quruqlikdan va dengizdan” ko‘rsatiladigan harbiy ko‘mak haqida borayotgani aytilgan edi.