Liviya milliy armiyasi feldmarshali Xalifa Xaftar tashqi tajovuzlarga qarshi turish uchun umumiy safarbarlik e’lon qildi, deb xabar beradi “Kommersant”.

Foto: EPA

U liviyaliklarni Anqaraning Tripoliga qo‘shin jo‘natish borasidagi harakatiga qarshi “birlashishga va qurol ko‘tarishga” chaqirdi.

Avvalroq Turkiya yaqin ikki kun ichida Liviyaga qo‘shin jo‘natishi haqida xabar berilgandi. Bundan bir kun oldin mamlakat parlamenti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning Liviya Milliy kelishuv hukumatiga harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi so‘rovini ma’qullagan edi.

Ayni paytda Liviyada parallel ravishda ikkita ijro hokimiyati organi faoliyat olib bormoqda: Faiz Sarajning xalqaro darajada tan olingan Milliy kelishuv hukumati va mamlakat sharqida parlament bilan birgalikda amalda bo‘lgan va feldmarshal Xalifa Xaftarning Liviya milliy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Abdulla Abdurahmon at-Toniyning vaqtinchalik mahkamasi. Xalifa Xaftar 12-dekabr kuni uning qurolli kuchlari poytaxt uchun hal qiluvchi jangga kirishayotganini ma’lum qilgan. Liviya milliy armiyasi qo‘mondonligi mamlakatga har qanday boshqa davlatning kirib kelishiga qarshi turishini bir necha bor ta’kidlagan hamda Turkiyaning harbiy yordam ortilgan kemalarini cho‘ktirib yuborish va yuk samolyotlarini urib tushirish bilan tahdid qilgan.