Turkiya Tripolidagi Milliy kelishuv hukumatidan qo‘shinlarni jo‘natish haqidagi so‘rov kelib tushgan taqdirda, Liviyaga harbiylarni jo‘natish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Tunisda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deb yozmoqda “TASS”.

Foto: “TASS”

Erdo‘g‘onning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya biror boshqa mamlakat hududida mazkur mamlakat hukumatining taklifisiz bo‘lmagan. Agar tegishli taklif kelib tushsa, Turkiya uni ko‘rib chiqadi.

Bundan tashqari, Erdo‘g‘on ayni paytda Liviyada “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasining kamida ikki ming jangchisi mavjudligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Liviyada Sudanning ham besh mingdan ortiq jangchisi bor.

23-dekabr kuni Liviya Milliy kelishuv hukumati rahbari Faiz Saraj Anqaraga harbiy yordam so‘rab murojaat qilganini tasdiqladi. Noyabr oyida Turkiya va Liviya o‘rtasida imzolangan harbiy sohadagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum yerusti, dengiz va havo operatsiyalarida texnikalar, qurilmalar va qurol-yarog‘ yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

Ayni paytda Liviyada parallel ravishda ikkita ijro hokimiyati organi faoliyat olib bormoqda: Faiz Sarajning xalqaro darajada tan olingan Milliy kelishuv hukumati va mamlakat sharqida parlament bilan birgalikda amalda bo‘lgan va feldmarshal Xalifa Xaftarning Liviya milliy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Abdulla Abdurahmon at-Toniyning vaqtinchalik mahkamasi. Xalifa Xaftar 12-dekabr kuni uning qurolli kuchlari poytaxt uchun hal qiluvchi jangga kirishayotganini ma’lum qilgan. Liviya milliy armiyasi qo‘mondonligi mamlakatga har qanday boshqa davlatning kirib kelishiga qarshi turishini bir necha bor ta’kidlagan hamda Turkiyaning harbiy yordam ortilgan kemalarini cho‘ktirib yuborish va yuk samolyotlarini urib tushirish bilan tahdid qilgan.