Qashqadaryo viloyatida 102 yoshli onaxon va 105 yoshli otaxonga fuqarolik pasporti topshirildi. Bu haqda “Daryo”ga Shahrisabz shahar hokimligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Shahrisabz shahar IIB boshlig‘i Shuhrat Choriyevning aytishicha, 105 yoshida biometrik pasport olayotgan otaxon shaharning “Yashil diyor” mahalla fuqarolar yig‘ini Gulsaroy ko‘chasida istiqomat qiladi.
— Biometrik pasport olish muddati tugab borayotganligi sabab xodimlarimiz dam olish kunlari ham ishlayapti, — deydi Shuhrat Choriyev. – Maqsadimiz Yangi yilga qadar barchani biometrik pasport bilan ta’minlash.
Dehqonobod tuman Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i Vahob Abdinazarovning “Daryo”ga qo‘shimcha qilishicha, Dehqonobodda ham 102 yoshni qarshi olgan “Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 70 yilligi” yubiley medali sovrindori bo‘lgan onaxon — Oynabod momo Hotamova ham biometrik pasport olgan.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi fuqarolik pasportining amal qilish muddati 2019-yil 31-dekabrgacha etib belgilangan.
Izoh (0)