Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan Yunusobod yo‘nalishi qurilishida yuz bergan avariya tufayli Mega Planet savdo markazi yaqinidagi ko‘chalar yopilgan, avtobuslar marshrutlarini o‘zgartirgan. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar berdi.
Hodisa guvohlari— yaqin hududda joylashgan do‘konlar sotuvchilari va mahalliy aholi vakillari portlashni eslatuvchi gumburlagan ovozni eshitganini aytgan. Avariya yuz bergan hududga 10 tadan ko‘proq tez yordam mashinalari yetib kelgan.
IIV huzuridagi Tergov departamenti uzoq davom etgan yomg‘ir metro qurilayotgan hududdagi lotok va beton to‘siq yaqinidagi tuproqning yumshatib, ularning qulashiga sabab bo‘lganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, metro qurilishida ishtirok etayotgan quruvchilar o‘rtasida yo‘qlama o‘tkazilgan. Faqat besh kishi familiyasi o‘qilganida javob bermagan. Biroq ular boshqa sababga ko‘ra yo‘qlama jarayonidan chetda qolgan bo‘lishi ham mumkin. Hozirda hodisa joyida qutqaruvchilar ish olib bormoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati soat 13:17 da avariya oqibatida hech kim jabrlanmagani haqida xabar bergan edi. “Repost” o‘z manbalariga asoslanib, avariya oqibatida kamida ikki kishining halok bo‘lgani haqida ma’lum qildi.
Izoh (0)