Innovatsion rivojlanish vazirligining tashabbusi bilan respublikada agronomlar maktabini tashkil etishning amaliy chora-tadbirlari ishlab chiqildi. Bu haqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ushbu tashabbus Fermer, dehqon va shaxsiy tomorqa xo‘jaliklari kengashi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklari agentligi, Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.
Mazkur tashkilotlar va boshqa vakolatli organlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar natijasida respublikada katta talabga ega bo‘lgan agronomlarning maktabi yaratiladi.
Respublikada qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida qator tadbirlar amalga oshirilishiga qaramasdan, tahlillar tajribali agronomlarning yetishmasligini ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda yangi tashkil etilgan agroklasterlarda, qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer va dehqon xo‘jaliklarida yetishtirilayotgan mahsulot hajmini ko‘paytirish, uning sifatini oshirish bo‘yicha qator tadbirlar xo‘jalikda tajribali agronom bo‘lishini talab etadi.
Izoh (0)