Ijtimoiy tarmoqlarda hamda internet saytlarida Samarqand viloyat bosh arxitektori Bobur Elmurodov davlat mulkini talon-toroj qilishda gumonlanib qo‘lga olinganligi va u garov evaziga ozod qilingani yuzasidan xabarlar tarqaldi. Samarqand viloyati Qurilish bosh boshqarmasi axborot xizmati ushbu holat yuzasidan bayonot berdi.
Qayd etilishicha, Samarqand shahar Zebinisobegim ko‘chasidagi 58-manzilda joylashgan 26 ta xonadonga 7,5 milliard so‘m tovon puli to‘lab berilganligi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 9 nafar mansabdor shaxs aybdor deb topilgan. Ulardan 4 nafariga nisbatan jinoyat ishining qismi O‘zbekiston JPKning 84-moddasiga asosan harakatdan tugatilgan.
“Jinoyat ishi bo‘yicha ‘Afrosiyob Stroy Servis’ MChJ rahbari Kamoliddin Shukurov, Samarqand shahar hokimining sobiq o‘rinbosari, hozirgi kunda Samarqand viloyati bosh arxitektori Bobur Elmurodov, Kapital qurilish direksiyasi sobiq boshlig‘i Temur Xaliqulov O‘zbekiston Respublikasi JKning 167, 205, 228-moddalari bilan ayblanib, sudga berilgan. Tergov natijalari bo‘yicha Bobur Elmurodov va Temur Xoliqulov gumonlanuvchi yoki ayblanuvchi sifatida ushlanmagan va ularga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan”, — deyiladi bayonotda.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida mazmunan ko‘rilmoqda.
Izoh (0)