Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

2016-yilning 28-noyabri LaMia Flight 2933 nomli reys Boliviyadan Kolumbiya tomon uchmoqda. Samolyot bortida Kopa Sudamerikano finaliga ketayotgan “Shapekoense” futbolchilari va murabbiylar shtabi bor edi. Bu klub uchun so‘nggi 44 yil ichidagi ilk final edi. Samolyot Kolumbiya aeroportiga yaqinlashib qolganida halokatga uchradi. 77 yo‘lovchidan faqat olti kishi tirik qoldi, ular orasida uch nafar futbolchi ham bor edi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Elio Neto

Shunday voqea sodir bo‘lishi tushimga kirgandi. Kopa Sudamerikano finalida ishtirok etish uchun Kolumbiyaga uchib ketishimizdan bir necha kun avval dahshatli tush ko‘rdim. Uyqudan uyg‘onganimda turmush o‘rtog‘imga aviahalokat tushimga kirganini aytdim. Kuchli yomg‘ir payti uchayotgandik. Samolyotning dvigateli o‘chib qoldi. Biz yiqildik, biroq men negadir tirik qoldim va samolyot parchalari ichidan chiqishga muvaffaq bo‘ldim. Men tepalikda ekanimizni tushunib yetdim, biroq atrof juda qorong‘i edi. Esimda qolgani faqat shu.

Parvoz kuni o‘sha qo‘rqinchli tush haqidagi o‘ylarni xayolimdan chiqara olmadim. Tush shu darajada haqiqatga yaqin ediki, samolyotga o‘tirishimiz bilan turmush o‘rtog‘imga xabar jo‘natdim. Undan Xudoga iltijo qilishini so‘radim. Men bu tush haqiqatga aylanishiga ishongim kelmasdi. Biroq men uchun duoda bo‘lishlarini so‘radim.

Shundan keyin tushimda ro‘y bergan voqealarning guvohiga aylandim.

Dvigatel o‘chdi.

Chiroq o‘chdi.

Biz quladik.

Va bu ortiq tush emas edi...

Jakson Folmann

Parvozga shaylanayotgan paytimizda barcha shod edi: suhbatlashardik, qarta o‘ynardik va musiqa tinglardik.

Alan Rushel

Parvozdan oldin qarta orqali turli tryuklar ko‘rsatar edim, men har doim bu ishni yaxshi ko‘rganman. Biz kulishardik va qo‘shiq tinglardik. “Shapekoense” futbolchilari Kubokda qanday natija ko‘rsatishidan qat’i nazar tarix yaratib bo‘lgandi. Biz kichik bir shaharchadan bo‘lgan klub edik va Kopa Sudamerikano finaliga qadar yetib borgandik. Biz haqiqatan baxtli edik.

Jakson Folmann

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

O‘sha voqeaga qadar bortda chiroq o‘chdi, parvoz sekin ketayotgandi. Birdaniga hammayoq jimjit bo‘lib qoldi, barcha o‘tirardi. Biz nima bo‘layotganini bilishni istardik, biroq styuardessalar hech narsa aytmasdi. Keyin bort kuzatuvchisi kelib, kamarlarni taqishimizni va samolyot qo‘nishini aytdi.

Juda sokin edi. Uchuvchilar bizga hech narsani xabar qilmadi. Keyin esa qulashni boshladik.

Hamma ham bunday onlarni boshdan kechirmagan. Bir soniya avval do‘stlaringiz bilan orzularni amalga oshirish uchun ketayotgan edingiz, hozir esa samolyot dvigateli ishlashdan to‘xtadi va siz qulayapsiz.

Menda ibodat qilish va Xudodan o‘zi asrashini so‘rashga vaqt bo‘ldi. Samolyot ichida siz hech narsa qila olmaysiz. Qocha olmaysiz, yig‘lay olmaysiz, yordam so‘ray olmaysiz, nega bunday bo‘layotganiga javob ololmaysiz. Qila oladigan yagon ishingiz — bu iltijo qilish va taqdiringizni yaratganning qo‘liga topshirish.

Alan Rushel

Ba’zida o‘sha onlarni eslashga harakat qilaman, biroq buni uddalay olmayman. O‘ylashimcha, miyam bu xotiralarni qulflab qo‘ymoqda.

Elio Neto

Men samolyotdagi so‘nggi so‘zlarimni eslayman. Men faqat va faqat Xudoga iltijo qilardim, bor ovozim bilan iltijo qilardim. Yerga qulashimizga bir necha soniya qolganida shunday dedim: “Iso, men Injilda juda ko‘plab mo‘jizalar qilganingni o‘qiganman. Iltimos, bizga rahm qil. Biz haqimizda qayg‘ur. Bizga yordam ber. Endi sen bizning uchuvchimizsan. Bizning samolyotga yordam ber. Bizga shafqat qil. Iltimos, Iso, bizga yordam ber”.

Hatto Buyuk Yaratganga iltijo qilar ekanman, men halokatga mahkum ekanimizni anglab turardim. Mening so‘nggi va yagona choram iltijo qilish edi.

Jakson Follmann

Ko‘pchilik ovoz chiqargan holda duo qilardi. Halokatdan bir necha daqiqa oldin oldingi qatordagilar nima bo‘layotganini bilishga intilardi. Ular bor ovozda baqirardi: “Kimdir, nima bo‘layotganini tushuntirsin! Bizga qandaydir ma’lumot bering!”.

Men shu baqiriqlarni eslayman. Shundan keyingi voqealar yodimda yo‘q.

Elio Neto

O‘shanda atrof qorong‘ilashib ketdi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Jakson Follmann

Hushimga kelganimda o‘rmonda edim. Ko‘zimni ochdim, biroq hech narsa ko‘rinmasdi. Yomg‘ir yog‘ar va juda sovuq edi. Men hech narsani ko‘rmasdim, ammo tovushlar eshitilardi. Odamlar yordam so‘rab qichqirardi. Men ham baqirishni boshladim, lekin qayerda ekanimni anglay olmasdim. Samolyotimiz qulaganini bilmasdim. Shunchaki, o‘lishni istamaganimni eslay olaman.

Eng qiyini do‘stlarimni yordamga chaqirishlarini eshita turib, ularga ko‘mak bera olmaslik edi. Men tura olmasdim. Juda qorong‘i  edi, hech narsani ko‘rmasdim. Hozirda o‘sha vaqtda jamoam qanday yo‘q bo‘layotganini ko‘rsatmagani uchun Xudodan minnatdorman.

Men uxlab qoldim yoki shunchaki hushimni yo‘qotdim. Qancha vaqt hushsiz yotganimni bilmayman. Bir vaqt o‘rmonda fonar yorug‘ini ko‘rib qoldim.

Meni yonimga odamlar yugurib kelardi. Ular “Politsiya, politsiya” deb baqirardi.

Politsiya yetib kelgan vaqtda avvalroq yordam so‘rab baqirayotganlarning ko‘pchiligi jim bo‘lib qolgandi. Do‘stlarimning ovozi borgan sari kuchsiz bo‘lib borardi. Bu dahshatli on...

Qutqaruvchilar yetib keldi, mening yonimga serjant Nelson keldi. Men unga qo‘limni cho‘zdim. U meni “Tinchlan. Seni qutqaramiz” deya tinchlantirdi. Keyin u mendan ismim va yoshimni so‘radi. Men darvozabon ekanimni aytdim.

Keyinchalik serjant bu voqea uning hayotidagi eng qo‘rqinchli on bo‘lganini aytdi. U meni ko‘tarishga intilar, ammo buning uddasidan chiqa olmas edi — menda juda qattiq og‘riq bor edi. Dahshatli og‘riq. O‘ng oyog‘imni yo‘qotganimni bilib turardim. Chap oyog‘imni esa faqat paylar ushlab turardi.

Meni yerdan ko‘tarib, tepalik sari olib borishdi. Bu juda qiyin va xavfli jarayon edi — samolyot bo‘laklari har tomonda sochilib yotardi, ular juda o‘tkir edi. Bizni qutqarganlar — haqiqiy qahramon.

Suv so‘raganimni eslayman. Menga ozgina suv berishdi, keyinchalik yana uxlab qoldim.

Elio Neto

Shifoxonada ko‘zimni ochganimda hech narsani eslay olmasdim. Ayolimning aytishicha, komadan chiqqanimdan keyin aytgan so‘zim: “O‘sha vaqtda Xudo men bilan bo‘ldi”. Men buni ikki marta qaytaribman.

Biroq hech narsani eslay olmadim. Shifokorlar halokat haqida hech narsa ayta olmas edi. Ular dastlab o‘zimga kelib olishimni istagandi

Qayerda ekanimni bilishga intilardim. Kasalxonada ekanimni bilardim, biroq bu yerga qanday tushib qolganim esimda yo‘q. Shifoxona ishchilari ispan tilida gaplashardi. Juda g‘azablangandim.

“Shapekoense” shifokorini ko‘rganimdan keyingina Kopa Sudamerikano finalida o‘ynashimiz kerak ekani yodimga tushdi.

Men so‘radim: “Doktor, o‘yin nima bo‘ldi? Men og‘irlashib qoldimmi?”

U javob berdi: “Ha, Neto, sen jarohat olding”.

Men tinchlana olmadim: “Biz qanday o‘ynadik?”.

Doktor o‘zini yo‘qotmay javob qildi: “Bilmayman. Ahvoling yomonlashgach, sen bilan shifoxonaga ketdim”.

Men unga ishondim. O‘yin hali ham davom etayotgan bo‘lsa kerak deb o‘yladim va juda asabiylashdim. Xudoga yuzlandim: “Qanday qilib bu imkoniyatni mendan tortib olding? Men qadrdonlarim bilan birga bo‘lishim kerak”.

Alan Rushel

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Otamning aytishicha, shifoxonada ko‘zimni ochib birinchi aytgan gapim: “Bu rostmi?”.

Shifokorning maslahati bilan otam menga samolyot favqulodda qo‘nishni amalga oshirishga majbur bo‘lganini aytdi. Men kasalxonada yotardim, tanam qattiq og‘rirdi. Nima bo‘lganini anglab yetmasdim, ammo meni ko‘proq bizning o‘yin xavotirga solardi.

Keyingi kuni ko‘plab shifokorlar keldi, ular men bilan gaplashib olish niyatida edi. Ular bir ma’lumot borligini, biroq xotirjamlikni saqlash kerakligini aytishardi. Shunday qilib, samolyot halokatga uchraganini bildim. Bu favqulodda qo‘nish emas edi. Faqat oltita odam tirik qolgan. Men, Jakson, Neto, jurnalist va ikkita styuardessa.

Mening dunyom tamom bo‘lgandi. Ayolimning aytishicha, kun bo‘yi shunchaki osmonga termulib yotganman. Birinchi bo‘lib o‘ylaganim: “Bu shunchaki qo‘rqinchli tush. Bu yolg‘on. Hozir men uyg‘onaman”.

Elio Neto

Men intensiv terapiya bo‘limida ko‘zimni ochdim va hech narsani tushunmasdim. Tanamga qarar ekanman, hammayog‘im momataloq bo‘lib ketgandi. O‘ylab qoldim: “O‘yinda bunday jarohat olish mumkin emas. Bu yerda nimadir bor”.

Nimalar bo‘lganini eslashga harakat qilardim. Shifokordan so‘radim: “Menga jarohat yetkazgan yigit qanday kattalikda edi? Menimcha u juda katta bo‘lgan”.

Miyamdan ko‘plab o‘ylar o‘tdi. Muxlislar maydonga tushib kelib, bizga tashlandimikan deb o‘ylagan paytlarim ham bo‘ldi. Balki, o‘yin oldidan mashina urib yuborgandir? Biroq bir soniya ham samolyot haqida o‘ylamasdim. Buni qanday xayolga keltirish mumkin?

Bir kuni uyg‘ongan paytim otam yig‘lab o‘tirganini ko‘rdim. Meni aldayotganlarini sezdim.

Bir necha kundan keyin xonamga shifokorlar kirdi. Yonimda onam, otam, singlim, psixolog va ruhoniy bor edi. Menga muhim bir narsani aytish vaqti kelganini ma’lum qilishdi.

Otam so‘radi: “Tushingni eslaysanmi?”

Javob berdim: “Albatta, uni eslayman. Buni ayolimga aytib bergandim. Men tunda samolyotda edim. Kuchli yomg‘ir yog‘ardi. Dvigatel o‘chib qoldi. Men samolyot qoldiqlari ichidan chiqishga muvaffaq bo‘ldim. Juda qorong‘i edi”.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Tushim haqida gapirayotganimda g‘alati holat yuz berdi.

Psixolog va onam yig‘lab yubordi.

Nihoyat, doktor tilga kirdi: “Bu tush emas, Neto. Bu haqiqat. “Shapekoense” samolyoti halokatga uchradi”.

Bu hayotimdagi eng qiyin onlardan biri edi. Ishongim kelmasdi. Shifokorni aqldan ozgan deb o‘yladim. Bunday bo‘lmagan. Sen nimalar deyapsan?

Keyin o‘ylab qoldim, agar bu haqiqatda sodir bo‘lgan bo‘lsa, men esa tirikman, demak, qolganlar ham tirik.

Men savol berdim: “Qolganlar qani?”.

Shifokorning javobiga ishongim kelmasdi: “Faqat sen, Alan va Jakson tirik qoldinglar”.

Ishonmadim. “Agar men hayot bo‘lsam, nega barcha do‘stlarim halok bo‘ldi? Halokatdan keyin qanday tirik qoldim? Bu bema’nilik. Agar samolyotda halokatga uchragan bo‘lsam, o‘laman. Tirik qolish haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”.

Shifokor javob qildi: “Sizlar tirik qolishingiz mumkin emasdi. Sen Yaratganning sharofati bilan bu yerdasan”.

Jakson Follmann

Bir necha kun komada yotdim, biroq uyg‘onganimda nimalar bo‘layotganini anglab turardim. Odamlar ispancha gaplashar edi. Men o‘zim tanigan kimningdir ovozini eshitishni istardim. Jonlantirish bo‘limida ko‘zimni ochganimda otam, onam va qaylig‘imni ko‘rdim. Menga aynan mana shu yetishmayotgandi.

Foto: Instagram

Foto: Instagram

Miyam halokatning barcha onlarini eslashimga yo‘l qo‘ymasdi. Men televizorni yoqmasdim. Oilam hech narsa gapirmasdi, ha, o‘zim ham hech narsani bilishni istamagandim. Bu qanday sodir bo‘lgani haqida tasavvurim bor edi, biroq ko‘proq odam tirik qolgan deb o‘ylagan edim. Xuddi bu kichik avariya bo‘lgandek. Balki, favqulodda qo‘nishdir va mening sheriklarim barchasi yaxshi holatda bo‘lsa kerak.

Yonimga psixolog kelganini eslayman. “Sen o‘tirgan samolyot halokatga uchradi. Barcha halok bo‘ldi. Sen tirik qolding, biroq bundan keyin futbol o‘ynay olmaysan”.

Bu gaplarni eshita turib, balchiqda yotganlarimiz va og‘riqdan baqirayotganlar asta-sekin yodimga tushdi. Bu dahshatli edi.

Oilam halokat vaqtida o‘ng oyog‘imdan ayrilganimni aytdi. Buni eshitib, o‘ylab qoldim: “Jonimdan ko‘ra oyog‘imni olgani yaxshiroq. Bu yerda turganim uchun Yaratganga rahmat”.

Keyinchalik Alan va Neto ham tirik qolganini eshitdim. Bu kurashish uchun juda katta turtki bo‘ldi.

Elio Neto

Men topilganlar orasida so‘nggisi edim. Samolyot bo‘laklari ichida sakkiz soat yotgan edim. Keyinchalik qutqaruvchilar bo‘lgan voqeani aytib berdi. Erta tongda ko‘plab qutqaruvchilar halokat joyini tark etgandi. Politsiya esa bizning buyumlarimizni yig‘ishtirish uchun o‘sha yerda edi. Kutilmaganda ofitserlardan biri ovoz eshitganini aytadi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

U bu ovoz qayerdan kelayotganini bilish uchun yaqin keldi. Boshqa politsiyachi bunga ishonmadi: “Qo‘ysangchi, buning iloji yo‘q. Oradan sakkiz soat o‘tdi”.

Bir necha soniyadan so‘ng yana ovoz yangraydi va ular shu zahoti bo‘laklarni uloqtirishga tushadi. Nihoyat, politsiyachilardan biri men ko‘rib qoldi. Men juda og‘ir ahvolda edim. Jonim uzilayotgandi.

Ular meni bo‘laklar ichidan olib chiqdi va yuk mashinasiga joyladi. Meni topib olgan joylaridan eng yaqin aholi yashash joyiga qadar bir soatlik yo‘l bor ekan. Ko‘zlarim yumilib ketayotgandi. O‘zaro suhbatda meni o‘ldiga ham chiqarishdi. Biroq men negadir nafas olishda davom etardim.

Yashab ketishimga hech kim ishonmagandi. Komadan chiqqan paytimda men bilan tez yordam mashinasida ketgan hamshira ko‘rishga keldi. U eshik yonida hayrat bilan menga tikilib turardi. Meni quchgan payti tanasi titrardi. U menga tikilgancha: “Men bunga ishonmayman, bo‘lishi mumkin emas”, deya takrorlardi.

O‘shanda bu naqadar qiyin bo‘lganini tushunib yetdim. Bu mo‘jiza edi. Meni deyarli o‘lik holatda topishgandi, men esa hali hanuz tirikman.

Alan Rushel

Shol bo‘lib qolishimga bir necha millimetrlar qolgandi. Suyaklar bo‘lagi umurtqa pog‘onamga juda yaqin kelib qolgan, biroq unga zarar yetkazmagan edi. Agar qutqaruvchilar meni chiqarib olayotganda ozgina xatoga yo‘l qo‘yganda hammasi tamom bo‘lardi. Biroq ko‘plab jihatlar meni qutqardi. Hayot ekanim uchun ko‘pchilikdan minnatdorman.

Halokatdan so‘ng meni davolagan shifokor Janubiy Amerikadagi eng yaxshi jarrohlardan bir ekan. U mana shu vaqtda Kolumbiyada bo‘lib qolgani mening omadim.

Va albatta, Jakson bilan joy almashganim ham...

Jakson Follmann

Alan bilan samolyotda birga o‘tirishga kelishib olgandik. Biz o‘n yildan buyon do‘stmiz. Bir vaqtlar hatto birga yashaganmiz. Qayerga bormaylik, doim birga edik. Biroq parvoz paytida Alan samolyotning ort qismida uchta joyni band qilgan holda xotirjam uxlashni yoqtirardi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Samolyotga o‘tirgan vaqtimiz, Alan o‘zining odatiy joyini egalladi. Men bir o‘zim o‘tirgandim va uni yonimga chaqirdim. “Sichqoncha, bu yerga kel”. U sichqon kabi ozg‘in, kichkina!

“Sichqoncha! Yonimga kel. Kel birga qo‘shiq tinglaymiz. Bo‘laqol, og‘ayni!”.

Alan javob qaytardi: “Yo‘q, xohlamayman. Uxlagim kelyapti”.

“Sichqon! Bo‘lsangchi!” — men uni qo‘ymadim. Va u yonimga keldi.

Shundan 30 daqiqa o‘tib, samolyot quladi.

Alan Rushel

Nima uchun tirik qolganimni tushuntirib bera olmayman. Bu mo‘jiza. Kolumbiyadan Shapekoga qaytganimda meni oilam kutib oldi. Bu juda ehtirosli holat edi.

Elio Neto

Foto: Instagram

Foto: Instagram

Bolalarimni ko‘rgan paytim hissiyotlarimni jilovlay olmadim. Mening egizak farzandlarim bor — o‘g‘il va qiz. Halokatdan so‘ng ayolim ularni singlisinikida qoldirgandi. Kolumbiyada bo‘lgan vaqtim ularni ko‘rmagan edim. Meni Braziliyaga ko‘chirishgach, bolalar meni ko‘rgani shifoxonaga kelishdi, ular esankirab qolgandi. Tanam yara va chandiqqa to‘la edi.

Ular menga arvohni ko‘rib qolgandek tikilib turardi.

Men gap boshladim: “Bolalar, meni quchishni istamaysizmi?”.

Ular meni birorta so‘z aytmay quchoqlab oldi, bunaqasi birinchi marta sodir bo‘layotgandi. Ular uzoq yig‘ladi. Besh yoki o‘n daqiqa. Ular hech narsa deya olmasdi. Ular shunchaki meni quchoqlar va baqirib yig‘lardi. Bu qichqiriq yengil tortganliklarini anglatardi.

Otamiz yomon ahvolda. Biroq u tirik. U biz bilan.

Men vafot etgan do‘stlarim va farzandlarim haqida o‘ylardim. Bu mening hayotimdagi eng yorqin emotsional holat edi.

Alan Rushel

Men bo‘lgan voqealarni anglay boshlaganimda eng qiyin davr boshlandi. O‘zimga kela boshlagach, eng yaqin insonlarim ortiq bu dunyoda yo‘qligini tushunib yetdim. Men darvozabon Danilo, uning ayoli Letitsiya va o‘g‘li Lorenso bilan juda yaqin edim. Danilo haqiqatda vafot etganini anglab yetgach, qay ahvolga tushganimni tasvirlab bera olmayman. U mening hayotimda o‘ziga xos o‘rin tutar edi, uni har kuni o‘ylayman.

Jakson Follmann

Biz qo‘rqadigan yagona jihat — do‘stlarimizni unutib yuborishlari. Vafot etgan insonlar, qahramonlar edi. Nega aynan shunday bo‘ldi? Bundan qochib qolish mumkin edi.

Elio Neto

Samolyotga egalik qiladigan kompaniya ko‘pincha yoqilg‘i tejardi. Bu faktlarga qarab, bunday hodisa ertami-kech yuz berishi kerakligiga amin bo‘lamiz. Ular bu o‘yinni boshqa jamoalar parvozida ham ko‘p bora qilgan edi.

Foto: Getty Images

Foto: Getty Images

Ular ozgina pul tejashni istagandi, biroq oxir-oqibat ko‘plab insonlarning umriga zomin bo‘ldi. Jamoatchilik har doim uchuvchi va uning xatolari haqida gapiradi. U haqiqatda xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu fakt. Ammo o‘ylashimcha, bunga ko‘plab odamlar sababchi. Masalan, yetarli yoqilg‘isi bo‘lmagan samolyotga uchish uchun kim ruxsat berdi? Ular qoidalarni aylanib o‘tdi.

Alan Rushel

Halokat meni har bir soniya haqida o‘ylashga o‘rgatdi. Men o‘n daqiqadan keyin nima bo‘lishini bilmayman, xonadan chiqqanimdan so‘ng nima bo‘lishini bilmayman. Agar siz haqiqatda biror nima qilmoqchi bo‘lsangiz, bu ishni bajaring. Hayotning har bir onidan bahra oling. Ertaga nima bo‘lishini bilmaysiz.

Elio Neto

Parvozdan bir kun avval finaldan so‘ng Shapekoga qaytganimizni tush ko‘rgandim. Tasavvurimda ko‘chadagi barcha “Biz — chempionmiz!” deb hayqirardi. Barcha shodon edi, atrof baxtga to‘la edi.

Uyga qaytish vaqtida Kolumbiyadan Braziliyaga parvoz qilishga to‘g‘ri keldi. Men qattiq qo‘rquvda qolgandim. Qo‘nganimizdan keyin yig‘lab yubordim.

Samolyotdan chiqdik. Aeroportda bizni ko‘plab odamlar kutib oldi. Shifoxonaga bordik, u yerda ham odamlar kutib turardi. Hamma joyda muhabbat bor edi.

Bunday onlar hayotni o‘zgartiradi. Umrbodga. Biroq rostini aytsam, aqlim o‘sha-o‘sha. Men hali-hanuz dunyoga yaxshi ko‘z bilan qarayman. Bu halokat menga hayotdagi kichik quvonchlarni ham qadrlashga o‘rgatdi.

Shifoxonada taglikdan foydalanishga to‘g‘ri kelganini eslayman. Bir oy yuvina olmadim. Birinchi bor terimga tekkan suvni sezganimda, yig‘lab yuboray dedim. Dushdagi suv Karib dengiziga o‘xshardi. Avvallari bunday hislarni tuymagan edim.

Halokatdan keyin birinchi bor to‘p tepganimda, o‘zimni yosh boladek sezdim.

Men halok bo‘lishim kerak edi. Men so‘nggi so‘zlarimni aytgandim. Biroq Yaratgan menga ikkinchi imkoniyatni taqdim etdi.

Nodirxon Hamidxonov tarjimasi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rossiyaning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi binosi qizil bo‘yoqqa bo‘yaldi (video)
Dunyo
“Zelenskiy NATOga ariza topshirib, dunyoga uchinchi jahon urushini taklif qilmoqda” — Dmitriy Medvedev
Dunyo
“Biz muloqotga tayyormiz, ammo boshqa prezident bilan” — Zelenskiy Rossiyada prezident almashsagina muzokaralar stoliga qaytishini ta’kidladi