Qashqadaryoga 2013-yil sentabridan beri hokimlik qilib kelgan Zafar Ro‘ziyev ishdan olindi. Qarshida 26-oktabr kuni Prezident administratsiyasi raisi Zaynilobiddin Nizomiddinov va bosh vazir Abdulla Aripov ishtirokida viloyat faollari yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev, viloyat prokurori Botir Yusupov, viloyat IIB boshlig‘i Dilshod Tursunboyev va viloyat soliq idorasi rahbari Ravshan Nasimov ishdan olingani e’lon qilingan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Zafar Ro‘ziyev Jizzax viloyatining Zarbdor tumaniga hokim etib tayinlangan.

Zafar Ro‘ziyev.
Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Ta’kidlash o‘rinliki, avgustdagi voqealar (“zamhokim”ning yoqib yuborilishi, “snos”lar atrofidagi shov-shuvlar)dan so‘ng, Zafar Ro‘ziyev xalqdan uzr so‘rab chiqqan uch hokimdan biri bo‘lgandi, mamlakat rahbariyati esa hokimlar yo‘l qo‘ygan xatolarini tuzatishi, fuqarolarning hukumatga ishonchini to‘liq tiklash bo‘yicha ishlarda shaxsan ishtirok etishi kerakligini ta’kidlagan, ularning ishiga yil yakunida tanqidiy baho berilishini ma’lum qilgan edi. Ehtimol, Ro‘ziyev bu sinovdan o‘ta olmagandir.

Zoir Mirzayev.
Foto: “Daryo”

Zoir Mirzayev Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. U bundan bir yil avval — 2018-yil 25-oktabr kuni Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida olti kishini suv to‘la ariqqa tushirib qo‘yganidan so‘ng, ushbu voqea internetda (va hatto xalqaro miqyosda) shov-shuv bo‘lib ketgach, bosh vazir o‘rinbosari lavozimidan olinib, jazo tariqasida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumaniga hokim qilib yuborilgan edi. “Prezidentimiz uni bu qilmishi uchun kechirmadi”, degandi o‘shanda bosh vazir Abdulla Aripov.

Viloyat miqyosidagi “to‘rtlik”dan tashqari boshqalar ham ishdan olingan. Qarshi shahri hokimi Jamshid Fozilov, Chiroqchi tumani hokimi Rustam Jo‘raqobilov, Mirishkor tumanining so‘kong‘ichligi va makkajo‘xori sabab bir otaxonni haqoratlagani bilan tanilgan hokimi Ravshan Komilov mas’uliyatsizligi sabab, Kitob tumani hokimi Rustam Sa’dullayev esa sog‘lig‘i yomonlashgani bois o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.

Ravshan Komilov.
Kadr: YouTube

Bundan tashqari, shu vaqtgacha viloyat hokimi birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan Hurram Jo‘rayev va viloyat rahbarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Rajabov boshqa ishga o‘tgani munosabati bilan ishdan olingan.

Tashabbuskorlar rag‘batlantirildi, ayrimlarga so‘nggi imkoniyat berildi. Qashqadaryo viloyati hokimligidan ma’lum qilishlaricha, Kasbi tumani hokimi sifatida tashabbusorlik ko‘rsatib ishlagan Normo‘min Xolboyev endi viloyat ma’muriy markazi — Qarshi shahriga rahbarlik qiladi. Prezident administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov sobiq hokim Zafar Ro‘ziyevning o‘rinbosarlari — Hurram Jo‘rayev va Baxtiyor Rajabovga so‘nggi imkoniyat berilganini ma’lum qilgan: Jo‘rayev Chiroqchi tumaniga, Rajabov esa Mirishkorga hokim etib tayinlangan.

Bundan tashqari, shu vaqtgacha O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligida mas’ul xodim sifatida ishlab kelgan To‘xtamurod Mengliyev Kasbi tumaniga, hozirgacha “Mikrokreditbank”ning Qashqadaryo filialiga rahbarlik qilgan Alisher Zokirov esa Kitob tumaniga hokim etib tayinlangan.

Erkaboy Tojiyev.
Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Shuningdek, shu vaqtgacha bosh prokuror birinchi o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Erkaboy Tojiyev Qashqadaryo viloyati prokurori etib tayinlangan. Shu vaqtgacha Surxondaryo viloyati IIB bo‘lim boshlig‘i sifatida ishlagan Shuhrat Sotiboldiyev Qashqadaryo IIBning, bungacha Navoiy viloyati bosh soliqchisi bo‘lgan Azamat Bozorov esa Qashqadaryo Davlat soliq boshqarmasining yangi boshliqlari sifatida tanishtirilgan.