Bugun, 29-oktabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga asosan Vazirlar Mahkamasida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uning har qanday ko‘rinishiga barham berish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qator vazirlik va tashkilotlar rahbarlari, xalqaro mehnat tashkiloti vakillari,  ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan yig‘ilishda o‘tgan haftada ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bug‘doyni sug‘ormagani uchun olti kishining suv oqib turgan ariqqa kiyimi bilan tushirilgani bilan bog‘liq masala muhokama qilindi.

“Shaxsan men uchun bu juda noqulay va uyatli holat. Chunki mening o‘rinbosarim prezidentimiz olib borayotgan siyosatga qarshi ish qildi. Mana shu holat 25-oktabr kuni yuz bergan bo‘lsa, yurtboshimiz Zoyir Mirzayevni ishdan bo‘shatish haqidagi qarorni 27-oktabrda qabul qildi. Biroq konstitutsiyaga muvofiq, shanba va yakshanba kunlari hech qanday qaror va farmonlar qabul qilinmaydi. Shuning uchun biz bu qarorni bugun e’lon qildik.

Mirzayev bosh vazir o‘rinbosarligiga ko‘chadan kelib qolgan emas. U uzoq yillar Samarqand viloyatining Jomboy tumani hokimi, keyinroq respublikadagi eng salmoqli viloyatlardan biri Samarqand viloyati hokimi, keyinchalik qishloq va suv xo‘jaligi vaziri bo‘lib faoliyat yuritgan.

Shuncha xalqqa xizmat qilgan, davlat tashkilotlarida mehnat qilgan bo‘lsa-da, Prezidentimiz uni bu qilmishi uchun kechirmadi. ‘Qonun barchaga barobar, jazo muqarrar’, deb aytdilar.

Majburiy mehnat yuzasidan bizga kelib tushayotgan barcha murojaatlar hududlarga borib, o‘rganilmoqda. Mehnat qonunchiligini buzgan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan qator tumanlar hokimlar o‘z lavozimidan ozod etildi. Ko‘plab viloyatlar hokimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi”, — dedi Abdulla Aripov.

Majlisda qayd etilishicha, Oqqo‘rg‘ondagi holatga guvoh bo‘lgan Toshkent viloyati prokurori o‘rinbosari, viloyat hokimi o‘rinbosari va boshqa mansabdor shaxslar o‘z lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, Bosh prokuratura ham ushbu holati qonun doirasida qattiq nazoratga olgan.

Videoselektor yig‘ilishida bugun, 29-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uning har qanday ko‘rinishlariga barham berish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekkaniga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu farmon bilan o‘tgan haftada Oqqo‘rg‘on tumanida ro‘y bergan, jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etilgan masalaga Prezident o‘z munosabatini bildirdi.

“Men hukumatda 10 yil, bosh vazir sifatida 2 yildan beri faoliyat yuritayotgan bo‘lsam, shu paytga qadar bunday farmon qabul qilinganini bilmayman. Davlat rahbari majburiy mehnatga qarshi kurashishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi”, — dedi Abdulla Aripov.

Farmon bilan O‘zbekiston bosh prokuroriga qishloq xo‘jaligi sohasida ishni tashkil etish bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan qo‘pol qonunbuzilishlarni har tomonlama o‘rganish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga, Bosh prokuraturaga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlariga majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uning har qanday ko‘rinishlariga barham berish yuzasidan samarali chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni to‘liq amalga oshirish vazifalari topshirilgan.

Majlisda O‘zbekistonda inson huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi, majburiy mehnatning har qanday ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymaslik masalalari Prezidentning shaxsan nazoratida ekani, inson huquqlarini poymol etishga, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yishga hech kimning haqi yo‘qligi, bunday holatlarda kim bo‘lishidan qat’i nazar, har qanday mansabdor shaxs muqarrar jazoga tortilishi, qonun ustuvorligini ta’minlash, noqonuniy xatti-harakatlar uchun jazo muqarrarligi prinsipiga qat’iy amal qilinishi alohida ta’kidlab o‘tildi.