Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi JCh—2022 saralashining ikkinchi bosqichi 3-turidan o‘rin olgan Yamanga qarshi bahsda yirik hisobidagi g‘alabani tantana qildi.
Uchrashuvning 3-daqiqasida terma jamoadagi debyutini nishonlayotgan Sanjar Qodirqulov qanotdan uzatilgan to‘pni to‘xtatmasdan Yaman darvozasiga joylab qo‘ydi. Unga golli uzatmani esa Dostonbek Hamdamov amalga oshirdi.
O‘yindagi ikkinchi gol esa 33-daqiqada terma jamoa to‘purari Eldor Shomurodov tomonidan kiritildi. Eldor qanotdan uzatilgan to‘pni boshi bilan darvozaga kiritdi.
Tomonlar tanaffusga 2:0 hisobi bilan yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘limning 53-daqiqasida esa Jamshid Iskanderov jarima maydonchasi tashqarisidan zarba bergan holda hisobni 3:0 ko‘rinishga keltirib qo‘ydi.
Uchrashuvdagi to‘rtinchi golga 72-daqiqada Islom To‘xtaxo‘jayev mualliflik qildi. U ham Yaman darvozabonini boshi bilan zarba bergan holda ojiz qoldirdi.
O‘yinning so‘nggi daqiqalarida Igor Sergeyev ham o‘z nomiga bitta golni yozdirib qo‘ydi (5:0).
Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi Vadim Abramov boshchilgidagi ilk (navbatdagi) g‘alabasini yirik hisobda qo‘lga kiritdi.
Guruhdagi ikkinchi bellashuv bugun Saudiya Arabiston hamda Singapur terma jamoalari o‘rtasida kechadi. O‘yin 22:00 da boshlanadi.
JCh—2022 saralashi
3-tur bahslari
10-oktabr, payshanba
O‘zbekiston—Yaman 5:0
Gollar: 1:0 — 3 Sanjar Qodirqulov, 2:0 — 33 Eldor Shomurodov, 3:0 — 53 Jamshid Iskanderov, 4:0 — 72 Islom To‘xtaxo‘jayev, 5:0 — 90 Igor SergeyevO‘zbekiston: Eldor Suyunov, Farruh Sayfiyev (Ikrom Aliboyev, 75), Rustam Ashurmatov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Xojiakbar Alijonov, Sanjar Qodirqulov, Jamshid Iskandarov (Odil Ahmedov, 57), Jaloliddin Masharipov, Otabek Shukurov, Dostonbek Hamdamov, Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 79)
Yaman: Salim Avad, Al-Hamri, Al-Radayei (Muhammad Salim, 85), Alayeddin Mahdi, Ahmad al-Sarori, Omar al-Dahi, Abdulvasea al-Matari, Ahmad Maher (Al-Vorafi, 48), Nosir al-Gaxvashi, Mufed Jamol, Emad Mansur (Fuad Omar, 71)
Ogohlantirishlar: Al Vorafi (56), Otabek Shukurov (76)
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)