Andijon viloyati Qorasuv shahrida joylashgan “Mustaqillikning 15 yilligi” mahallasida noyob “Qo‘shtepa-2” arxeologik yodgorligi mavjud. Aholi va mutasaddilarning e’tiborsizligi bilan shunday madaniy meros obyekti yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi, deya xabar beradi “Xabar.uz”.
2014-yildan beri shu yodgorlikda Arxeologik tadqiqotlar instituti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida “Qo‘shtepa-2” hududida miloddan avvalgi I ming yillik o‘rtalaridan milodning VIII asrlarigacha uzluksiz va XI—XII asrlarda qisman aholi yashab, o‘zlaridan o‘sha davrlar tarixiga oid me’moriy va hunarmandchilik buyumlari ko‘rinishida ulkan madaniy meros qoldirgan.
“Yodgorlikning turli qatlamlaridan qadimiy ziroatkorlar (Chust madaniyati – miloddan avvalgi XII—VII asrlar)ga oid sopol idish qoldiqlari hamda ibtidoiy odamlar (so‘nggi paleolit – bundan 40-30 ming yil avval)ga oid tosh qurollar topilgan. Bu holat davlatimizning hozirgi siyosatiga monand arxeologik turizmni rivojlantirish uchun o‘ta muhimdir”, — deyiladi xabarda.
Arxeologik tadqiqotlar instituti xodimlari “Qo‘shtepa-2” yodgorligini nafaqat O‘zbekiston, balki chet el qadimgi tarix muxlislariga targ‘ib qilish borasida imkon qadar ish olib bormoqda. Natijada oxirgi 5 yil ichida 20 dan ortiq turli (o‘zbek, rus, ingliz, xitoy) tillarda maqolalar hamda o‘zbek va rus tillarida televideniyeda intervyu berilgan.
Shu bilan birga, Andijon davlat muzeyida “Ko‘hna zamin durdonalari” rukni ostida Qo‘shtepa arxeologik ko‘rgazmasi tashkil qilinib, u vodiy viloyatlari muzeylariga ham olib chiqilmoqda. Navbatdagi rejada “Qo‘shtepa-2” yodgorligini “osmon ostidagi muzey” ko‘rinishiga olib kelishdir.
Biroq yodgorlik hududi odamlarga uy-joy uchun chek qilib berilishi shunday nodir tarix zaxirasining yil sayin buzilishiga olib kelmoqda. Bu yil yodgorlikning ko‘shk qismi shimolidagi ilk o‘rta asrlarga oid mudofaa devori — 20x2 metr joyi ekskavatorda kavlab olingan, ko‘shkning janubi esa 4 metr enlikda buzilib g‘isht qilib sotilgan.
Izoh (0)