O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Otabek Murodov qamoqqa olingan. Bu haqda avvalroq “Jahon.uz” nashri xabar bergan edi, buni “Kun.uz”ning manbasi ham tasdiqlagan.

Foto: “Daryo”/Madina Nurman

Xabar berishlaricha, sud tomonidan sobiq bosh prokurorga qo‘llanilgan uy qamog‘i sifatidagi ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan va u 18-sentabr kuni qamoqqa olingan. Bu xabarlar yuzasidan hozircha na Bosh prokuratura va na Oliy sud matbuot xizmati izoh berdi.

Otabek Murodov 2018-yil yanvaridan 2019-yil yoziga qadar O‘zbekiston bosh prokurori lavozimida ishlagan, shu yilning 20-iyunida lavozimidan ozod etilgan edi. 21-iyun kuni esa Prezident Shavkat Mirziyoyev Senatdagi chiqishida sobiq bosh prokurorni tanqid qilib, u poraxo‘rlikda ayblanayotgani va unga nisbatan jinoiy ish ochilganini aytgandi.

Keyinroq Bosh prokuratura matbuot xizmati Otabek Murodov o‘zidan avvalgi O‘zbekiston bosh prokurori, DXX sobiq rahbari Ixtiyor Abdullayev ishi doirasida tergov qilinayotgani haqida ma’lumot bergan edi.