Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo energetika investitsion forumi doirasida bir qator bitimlar imzolandi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.
“O‘zbekneftgaz” bilan AQShning Air Products kompaniyasi o‘rtasida Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi (GTL zavodi)da tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka doir “yo‘l xaritasi” imzolangan.
“Bunda Amerika kompaniyasining loyihaga kirishi ko‘zda tutiladi”, — deyiladi Energetika vazirligi axborotida.
Shuningdek, “O‘zkimyosanoat” bilan ammiak va karbamid ishlab chiqarish bo‘yicha “Yangiyer shahrida kimyoviy kompleksni qurish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikka oid “yo‘l xaritasi” imzolangan.
Imzolangan kelishuvlarning boshqa shartlari ma’lum qilinmagan. Avvalroq forum doirasida Saudiya Arabistoni kompaniyasi bilan O‘zbekistonda issiqlik va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha bitim imzolangani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)