O‘zbekiston Milliy gvardiyasi, Buxoro viloyati IIB, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida 21-sentabr kuni soat 07:00 da “Buxoro” temiryo‘l vokzalida maxsus taktik amaliy o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘ulot temiryo‘l vokzalida “Buxoro—Qarshi” yo‘nalishidagi poyezd vagonida uyushtirildi. Jarayonda shartli terrorchilar tomonidan bir necha yo‘lovchi asirga olindi.
— Bu galgi o‘quv mashg‘ulotda soha xodimlarining har qanday favqulodda vaziyatlarga tayyor turish, terroristik harakatlarni sodir etmoqchi bo‘lgan shartli jangarilarni qo‘lga olish va ularni zararsizlantirish uchun jangovar shaylik darajasi oshirildi. Barcha huquq-tartibot organlarining professional darajadagi tayyorgarligi namoyon bo‘ldi, — dedi o‘quv-mashg‘ulot davomida DXX xodimi “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida.
O‘quv mashg‘uloti orqali viloyat hududida favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda, nafaqat shaxsiy tarkibning belgilangan vazifa va topshiriqlarni bajarishi, balki odamlar sergakligi va aholi hushyorligini oshirish tajribasi ko‘zlangan.
Izoh (0)