Hujum oqibatida yong‘inlar kelib chiqqan. Jabranuvchilar haqida ma’lumot yo‘q. Portlovchi uskunalar o‘rnatilgan dronlar 14-sentabrga o‘tar kechasi Saudi Aramco obyektlariga hujum qilgan; tongga yaqin Saudiya rasmiylari alangani qurshab olishga muvaffaq bo‘lingani haqida ma’lum qildi. Al-Arabiya kanali yong‘inlar vaqtida hech kim jiddiy shikastlanmagani haqida xabar berdi, biroq jabrlanuvchilar haqida rasmiy ma’lumot yo‘q. Reuters agentligi o‘z muxbiriga asoslanib xabar berishicha, Abkaikdagi neftni qayta ishlash zavodi oldida 15 ga yaqin tez yordam mashinalari bo‘lgan.
https://twitter.com/QanatAhrar/status/1172776446135287808
Hujum uchun javobgarlikni Yamandagi isyonchi xusiylar o‘z zimmasiga oldi. Ular hujum vaqtida 10 ta drondan foydalanilganini va bu Saudiya Arabistonining Yamandagi qurolli mojarodagi ishtiroki uchun javob ekanini ma’lum qildi. Xusiylar bungacha kamida ikki marta Saudiyaning neft obyektlariga hujum qilgan edi. So‘nggi hujum avgust oyida yuz bergan edi. Bu hujum oqibatida Sheyba konida yong‘in kelib chiqqan (bu kon ham Saudi Aramco’ga tegishli), ammo neft qazib olish hajmiga ta’sir ko‘rsatmagan edi. Bloomberg’ning yozishicha, joriy hamla Saudiya Arabistoni neft konlariga so‘nggi 10 yil ichida amalga oshirilgan eng katta hujum bo‘lgan (avvallari mamlakat neft konlariga, masalan, “Al-Qoida” hujum qilgan).
Hujumdan so‘ng Saudiya Arabistonida neft qazib olish hajmi ikki barobarga qisqardi, deya ta’kidlamoqda Bloomberg va Reuters manbalari. Har ikkala agentlik suhbatdoshlarining ma’lum qilishicha, Saudi Aramco hujumdan so‘ng qazib olishni besh million barrelgacha kamaytirgan. Bu Saudiya Arabistonida qazib olinadigan kunlik neft miqdorning 50 foizi, jahon bo‘yicha esa — 5 foizidir. Ayni vaqtda, Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, ishlab chiqarish sur’atlari 48 soat ichida to‘liq qayta tiklanishi mumkin. Reuters’ning manbalari hujum neft eksporti hajmiga ham ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlagan, biroq aniq raqamlar aytilmagan. Hodisa neftning jahon bozoridagi narxlariga ta’sir ko‘rsatganicha yo‘q, chunki dam olish kunlari birjalarda savdolar o‘tkazilmaydi.
Saudi Aramco — neft sotish bo‘yicha jahondagi eng yirik kompaniya. U Saudiya Arabistonining davlat kompaniyasi bo‘lib, 2018-yili jahondagi eng serdaromad shirkat sifatida tan olingan. Saudi Aramco’ning sof foydasi 111 milliard dollarni tashkil etgan. Bu, masalan, Apple, Google va ExxonMobil’ning birgalikdagi ko‘rsatkichlaridan ham ko‘proq. Saudi Aramco hali birjaga chiqmagan; kompaniya yaqin vaqt ichida o‘z aksiyalarini birjaga birlamchi chiqarishni (IPO) rejalashtirmoqda. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, bu noyabr oyidayoq yuz berishi mumkin.
Xusiylarni Eron qo‘llab-quvvatlaydi. Saudiya Arabistoni va AQSh so‘nggi oylarda Fors ko‘rfazida tankerlarga uyushtirilayotgan hujumlarda aynan Eronni ayblab kelmoqda. Hujumlar may va iyun oylarida yuz bergan, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlardan kelayotgan kemalar nishonga olingan edi. Ushbu hujumlar AQSh Eron bilan erishilgan yadroviy kelishuvdan chiqib, ushbu mamlakatga nisbatan sanksiyalarni qayta tiklaganidan so‘ng boshlangan edi.
Izoh (0)