Saudi Aramco kompaniyasining obyektlariga uyushtirilgan hujum uchun Eron javobgardir, dedi AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo. Bu haqda Meduza xabar bermoqda.

Foto: Reuters

“Keskinlikni yumshatishga qaratilgan chaqiriqlar bo‘layotgan bir vaqtda Eron jahon energetika yetkazmalariga misli ko‘rilmagan hujum uyushtirdi. Hujumlar Yamandan turib amalga oshirilganini tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q”, — deb yozdi Pompeo.

AQSh davlat kotibining ta’kidlashicha, AQSh va uning ittifoqchilari “Eron o‘z tajovuziga javob berishi uchun” qo‘lidan kelgan barcha choralarni ko‘radi. Senator Lindsi Grem, o‘z navbatida, Eronning neft obyektlariga zarbalar berish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Eron Tashqi ishlar vazirligi esa Saudiya Arabistonidagi neft obyektlariga bo‘lgan hujumlarga fors davlati aloqador ekani haqidagi ayblovlarni “asossiz” deb atadi.

Dronlar vositasida 14-sentabrga o‘tar kechasi uyushtirilgan hujum oqibatida Saudiya Arabistonida kunlik neft qazib olish hajmi 5 million barrelga kamaydi. Bu jahon bo‘yicha qazib olinadigan neftning taxminan 5 foizi, degani.