“Daryo”da kecha, 12-sentabrda “Urgutlik egizaklar esingizdami? Ular yana ozuqadan qiynalmoqda, oila yordam so‘rashga tortinyapti, mutasaddilar esa jim” nomli maqola chop etildi. Urgut tuman hokimligi ushbu maqolaga o‘z munosabatini yo‘lladi.
“Daryo” 2-avgust kuni “Cobalt’siz qolgan Shavkatbek, Ziroatxon va Saidaxon. Urgutda tug‘ilgan egizaklar nega e’tiborsiz qolib ketdi?” sarlavhasi ostida Urgut tumani, To‘rtko‘l mahallasiga qarashli Qorachekman qishlog‘ida yashovchi Qo‘ziboyevlar oilasida tug‘ilgan uch egizak – Shavkatbek, Ziroatxon, Saidaxonlarning e’tiborsiz qolib ketgani haqida maqola chop etgan edi. Ancha bahsli mavzuga bag‘ishlangan bu maqola qizg‘in muhokamalarni keltirib chiqardi. Shuningdek, tuman hokimiyati tomonidan muammoni hal etish bo‘yicha muayyan choralar ko‘rildi.
Ammo eski mavzuga qaytib, egizaklar holidan xabar olinganida oila yana moddiy qiyinchiliklarga kelayotgani, mutasaddilar esa yordam ko‘rsatmayotgani aniqlandi. Bu haqda maqola chiqqanidan so‘ng hokimlik tezda javob yo‘lladi.
Materialda ta’kidlanishicha, tuman hokimligi “ushbu holat haqida, jumladan, bolalar bo‘tqasi yoqmagani va boshqa qiyinchiliklar to‘g‘risida maqola chiqqanidan keyin xabar topmoqda”.
“Holbuki, agarda qandaydir kamchiliklar bo‘lsa, avvalo mahalla raisiga, tuman xotin-qizlar bo‘limiga va albatta bevosita tuman hokimining o‘ziga murojaat qilishi mumkin. Tuman hokimligida har bir soha o‘rinbosarlari tomonidan muntazam har kuni qabul o‘tkaziladi. Tuman hokimining o‘zi esa har hafta payshanba kuni barcha fuqarolarni qabul qilib, ariza shikoyatlarini hal etib kelmoqda” – deb ta’kidlanadi javobda.
Shu o‘rinda bir eslatma: “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh o‘z materialida hokimiyat vakillari bilan bundan to‘rt kun avval bu masalada gaplashganini aytib o‘tgan. U Urgut hokimining birinchi o‘rinbosari G‘ayrat Abdurahmonovga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirgan. Amaldor, o‘z navbatida, oilaga tez orada yordam ko‘rsatilishini aytgan. To‘rt kun davomida va’da qilingan yordam berilmagach, “Daryo”da navbatdagi maqola chop etilgan. “Daryo”da ular o‘rtasidagi suhbatning audioyozuvi bor.
Aytilishicha, tuman hokimligidan egizaklarga sovg‘a-salomlar berilgandan so‘ng 80 dona (uch oyga yetadigan) bolalar ozuqasidan berilgan.
“Ushbu maqolada keltirib o‘tilgan oila hokimiyatga murojaat qilishga istihola qilishini aytib o‘tgan bo‘lsa-da, butun internet olamiga aytishdan istihola qilmayapti. Aslida har bir murojaatchi avvalo tumandagi mas’ullarga murojaat qilsa va ular bu murojaatga befarq qaragandan so‘ng internetga chiqarishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi, chunki internetga chiqarilgan masalani faqat yurtimizda emas, balki butun dunyo foydalanuvchilari ko‘rib, O‘zbekiston to‘g‘risida shunga qarab fikr chiqaradi”.
Ta’kidlanishicha, “Daryo”dagi maqola yuzasidan 12-sentabr kuniyoq oilaga bolalar ozuqasi va sovg‘a-salomlar berilgan.
Bundan tashqari, murojaatda Urgut tumanida kam ta’minlangan oilalarga muntazam ravishda yordam berib kelinayotgani aytilgan.
Izoh (0)