“Daryo” tahririyatiga Samarqand viloyatida dunyoga kelgan uch egizak haqida material kelib tushdi. Unda ta’kidlanishicha, boshqa viloyatlarda uch egizakka Cobalt mashinalari sovg‘a qilinayotgan bir paytda urgutlik Shavkatbek, Ziroatxon va Saidaxonga umuman e’tibor berilmagan.

Maqola muallifi G‘ayrat Yo‘ldosh ham, egizaklarning qarindoshlari ham ming istihola bilan ushbu maqola davlatdan biror narsa tama qilish bo‘lib qolmasligiga harakat qilgani ko‘rinib turibdi. Ayni paytda, muallif O‘zbekistonning chekka hududlarida iqtisodiy vaziyat ancha og‘irligini inobatga olgan holda mas’ul tashkilotlar birdaniga uch farzand ko‘rgan kam ta’minlangan oilalarga ma’lum yordam ko‘rsatishi kerak degan fikrni ilgari suradi.

Bu fikr qanchalik to‘g‘ri? Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat bunga majbur emas-ku axir?

Ushbu savolga bizda aniq javob yo‘q. Quyida maqolani keltirib, u bilan tanishib chiqishingizni hamda bu masalada o‘zingiz xulosa qilishingizni taklif qilamiz.

Foto: “Daryo”

Dunyo tasodiflarga to‘la, shunday emasmi? Har kuni bo‘lmasa ham, kunora har birimiz qandaydir voqea-hodisalarga tasodifan duch kelamiz. Shu jumladan men ham. Kuni kecha ana shunday hodisalardan biriga tasodifan duch keldim.

Telegram’dagi kanallardan birida Urgut tumani To‘rtko‘l mahallasiga qarashli Qorachekman qishlog‘ida yashovchi ayol – Maftuna Qo‘ziboyeva may oyida uch nafar egizakni dunyoga keltirgani haqida yozilib, ostida “Qishloq vrachlik punkti ham bu bolajonlarning salomatligi uchun mas’ul. Shunday ekan, tibbiyot xodimlarimizdan o‘z mas’uliyatlarini unutib qo‘ymasliklarini eslatib qo‘ymoqchimiz!” deb yozilgan edi.

Bu xabarni ko‘rib hayron qoldim. Chunki mamlakatimizning aksariyat hududlarida tug‘ilgan mana shunday egizaklarga katta e’tibor, turfa yordamlar bilan birga hatto, mahalliy hokimliklar tomonidan “Prezident sovg‘asi” deb avtomashinalar ham topshirildi. Urgutda shunday uch egizak tug‘ilgani haqida esa hech kim hech narsani bilmaydi.

Buning ustiga, kanalda berilgan surat ostida yozilgan gaplarda “oqilga ishora, nodonga kaltak” qabilida tibbiyot xodimlarining ma’suliyati haqida ham eslatilyapti. “Bu yerda bir gap bor-ov”, deb o‘sha egizaklar tug‘ilgan xonadonni qidirib topib bordim.

Xonadonga kirgandagi birinchi savolim “Bu egizaklar va ularning onasidan tegishli odamlar, tashkilotlar, tibbiyot xodimlari, mahalla raislari, hokimiyat, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi deganday, xabar olishyaptimi?” bo‘ldi. Savolimga egizaklarning buvisi javob berib, To‘rtko‘l qishloq vrachlik punkti ham, mahalla raislari ham yetarli darajada e’tibor bermaganini, tuman hokimiyati, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi egizaklar tug‘ilganidan keyin umuman xabar olmaganini, balki oshiqcha shov-shuv qilishmagani uchun tuman va viloyat hokimliklari va tuman xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari egizaklar tug‘ilganidan bexabar bo‘lishi ham mumkinligini, shuningdek, o‘zlari ham ortiqcha shov-shuv kerakmas deb hech kimdan hech narsa tama qilmaganini va yordam kutmaganini aytdi.

Go‘daklarning sog‘ligi hozir yaxshi ekan. Ular har uch kunda bir quti, narxi 120–130 ming turadigan bolalar ozuqasidan iste’mol qilar, tagliklar va boshqa xarajatlar bilan uch go‘dakka har oy 1,5 million so‘mdan ko‘proq ketayotgan ekan. Hozircha amallashyapti. Ammo baribir bolalar parvarishi uchun bu oilaga yordam berilishi kerak deb o‘ylayman. Bolalar uchun iyun oyida suyunchi pulini berishgan. Boshqa hech qanday yordam berilmagan. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga beriladigan nafaqa endi avgust oyidan berilar ekan.

Bolalarning otasi Alimardon Qo‘ziboyev Rossiyaga ishlagani ketgan. Bolalarning bittasi o‘g‘il, ikkitasi qiz ekan. O‘g‘il bolaga Shavkatbek, qizlarga Ziroatxon va Saidaxon deb ism qo‘yishibdi.

“Boshqa viloyatlarda bunday egizaklarga e’tibor katta bo‘lyapti, sizlarga esa hech qanday yordam ko‘rsatilmabdi”, deganimda, bolalarning buvisi javob berdi:

“Hozircha bolalarning xarajatini, kam-ko‘stini bobosi qilib beryaptilar. Hech qayerga murojat qilmadik, hech kimdan hech narsa tama qilmadik. Aks holda egizlar 27-mayda tug‘ilgan edi, o‘sha paytlarda shov-shuv qilib yuborar edik. Lekin bir narsani bildik, indamay yuraversangiz, tegishli mutasaddi tashkilotlar yoki boshqalari ham yordam berish uyoqda tursin, egizlar holidan xabar olib, bir og‘iz so‘rab ham qo‘ymas ekan. Biz bilan ham shunday bo‘ldi. Biz oshiqcha shov-shuv bo‘lmasin deb indamay o‘tirdik va shunga yarasha na hokimiyatdan, na tuman xotin qizlar qo‘mitasidan, na viloyat hokimiyatidan hech kim bizga e’tibor ham bermadi. Indamay yurilsa bunday bo‘lishi xayolimizga ham kelmagan edi”.

Foto: “Daryo”

Shundan so‘ng mahalla idorasiga bordim. Rais yo‘q, kotibi Abdujabbor Xalilov bor ekan, unga egizaklar haqida eslatdim. Kotibning aytishicha, 27-mayda tug‘ilgan egizaklarga iyun oyida suyunchi puli berilgan. Faqat bir oyda ikki xil nafaqani berish mumkin emasligi uchun (bu qoida qayerda yozib qo‘yilgan ekan, so‘ramadim) egizaklarga bolalar parvarishi uchun beriladigan nafaqa uchun hujjatlar bir oy kechiktirilib iyul oyida qabul qilingan va oilaning moddiy ahvolini o‘rganish hamda boshqa jarayonlardan o‘tib, endi avgust oyidan bu oilaga bolalar parvarishi uchun nafaqa to‘lanadi. Kotibning yana ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi 44-sonli qarorida belgilangan “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi haqida”gi nizomga muvofiq, bola parvarishi uchun to‘lanadigan nafaqa bolalar nechta egiz tug‘ilsa ham bitta bola uchun ajratilar ekan.

Ochig‘i, bu qonun haqida eshitib hayron bo‘ldim. Maqolani tayyorlash asnosida o‘sha nizomni topib o‘qib ko‘rsam, haqiqatan u yerda “Bolani parvarish qilish nafaqasi har oyda, belgilangan eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida to‘lanadi. Tug‘ilgan bolalar soni uning miqdoriga ta’sir o‘tkazmaydi – ikki, uch nafar bola parvarish qilinganda ham ayol o‘sha EKIHning ikki baravar miqdorini olaveradi”, deb yozib qo‘yilgan ekan.

Nahotki qonunlarimiz orasida shunaqa ahmoqonalari ham bo‘lsa? Tasavvur qilaylik, egizaklar uchta emas, beshta tug‘ildi. Ularni oziqlantirishning o‘zi bo‘lmayapti. Shunday paytda ularga bitta bolaga to‘lanadigan miqdorda arzimagan nafaqa to‘lanishi o‘taketgan adolatsizlik-ku!

Shu qishloqqa xizmat ko‘rsatadigan “Obod diyor” QVPga o‘tdim. U yerda egizaklar haqidagi savollarimni eshitib, “Bo‘lishi mumkin emas, biz doim xabar olib turibmiz”, deyishdi. Shundan so‘ng QVPdan bir vrach, hamshira va mahalla kotibi hamrohligida egizaklar tug‘ilgan xonadonga qaytib bordik. Vrach va hamshira “Opa, biz har doim xabar olib turibmiz-ku, ayting”, deyishganiga qaramay, egizaklarning buvisi indamay kulimsirab turaverdi, ammo andisha yuzasidan ularni yomonlamadi ham. Shu yerda taxmin qildim: QVP vrach va hamshiralari egizlarni o‘z holiga tashlab ham qo‘ymagan, ammo yetarlicha e’tibor ham berilmagan. Buni QVP vrachi va hamshirasi ko‘chaga chiqqanda egizaklarning buvisi tasdiqladi. Mahalla kotibi esa xonasida o‘zimga aytgan gaplarni egizaklarning buvisini oldida yana qaytardi va avgust oyidan bola parvarishi uchun bitta bola hisoblangan holda nafaqa chiqishini ma’lum qildi.

Ortga qaytayotib, Urgut tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi bo‘lgan ayolning raqamini topib qo‘ng‘iroq qildim va o‘zimni tanishtirib, “To‘rtko‘l mahallasida tug‘ilgan egizaklardan xabaringiz bormi? Egizaklarning onasidan xabar olganmisizlar?” deb so‘radim. U xabari borligini, yaqinda bir necha bolaga tuman hokimiyati tashabbusi bilan sunnat to‘yi qilib berilganida o‘sha egizaklarni ham onasi bilan taklif etib, ularga sovg‘a-salomlar berganini aytdi.

Ajablandim:

“Opa, adashmayapsizmi, axir egizaklarning onasi hech kim kelgani va xabar olgani yo‘q dediku”, dedim.

“Men adashmayapman, tumanimizda har kun uchta egizak tug‘ilayotgani yo‘qku!” – dedi opa biroz zarda bilan.

Uzr so‘rab qo‘ng‘iroqni uzdim va egizaklarning buvisi bilan qayta bog‘landim. U hokimiyat ham, xotin-qizlar qo‘mitasi ham, boshqasi ham egizaklardan va ularning onasidan xabar olgani hech kim kelmaganini, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi adashayotganini va nabiralari ham, kelini ham hech qanaqa tadbirga bormaganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Qiziq. Uch egizak shu tuman tug‘ruqxonasida tug‘ilgan, ularga tuman FHDYo bo‘limi tug‘ilganlik haqida guvohnoma bergan, o‘tgan ikki oydan oshiq vaqt mobaynida avvaliga suyunchi pulini olish, keyin esa bolalar parvarishi uchun to‘lanadigan nafaqani olish uchun hujjatlar to‘plangan, FXDYo va boshqa tashkilotlarda bolalarning ism-sharifi va bir sanada tug‘ilgani haqidagi ma’lumotlar qayd etilgan, ammo egizaklarning tug‘ilganidan na hokimiyatning xabari bor, na Urgut tuman xotin qizlar qo‘mitasi raisasining. Buning ustiga, raisa “Sen bilasanmi menmi, men ularni tadbirga chaqirib sovg‘a-salom berganman”, deb tursa qiziq bo‘lar ekan. Qarang, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisasi may oyida tug‘ilgan uchta egizakdan avgust oyi boshlandi hanuzgacha xabari yo‘q. Shunaqasi ham bo‘lar ekan-da. Mahalla kotibi esa “Bir oyda ikkita nafaqa chiqarish qonunan mumkin emas” deb, iyun oyida suyunchi pulini hujjatlashtirib berib, bola parvarishi uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan arzimagan nafaqa pulini hujjatlashtirishni avgust oyiga o‘tkazib yuborganini qanday tushunish kerak?

Ochig‘i, oilaning moddiy ahvoli bu oilaga nafaqa puli to‘lash uchun mos kelmas. Ammo uch egiz tug‘ilyapti va ularning parvarishi yaxshigina mablag‘ talab qilishi hammaga ma’lum-ku. Buning ustiga, bu oilaning ikki nafar, biri ikki yoshda, biri to‘rt yoshda yana ikki yosh bolasi bor. Ana shunday paytlarda mahalla raislari hokimiyat bilan maslahatlashib, oilaga e’tibor va yordamni o‘z vaqtida qilsa bo‘lar edi-ku.

Shundan so‘ng ayni masalada Urgut tuman hokimiyatiga qo‘ng‘iroq qildim. Taxmin qilganimdek, na mahalla raisi va na FXDYo xodimalari xabar bermagani tufayli hokimlik mutasaddilari uch egizak tug‘ilganidan mutlaqo bexabar ekan. Men bilan bog‘langan hokimiyat vakilining aytishicha, ular albatta uch egizakka ham, ularning onasiga ham zarur yordamni ko‘rsatadi va bundan buyog‘iga e’tiborliroq bo‘ladi.

Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlab ketishni xohlar edim. Tug‘ilganiga ikki oydan oshgan bu bolalar va ularning onasi haqida har qanaqasiga o‘zimcha yoza olmas edim. Shu sababli avval egizaklarning onasidan, so‘ng buvisidan, so‘ngra otasi Rossiyaga ishlagani ketgani uchun hozirda oila boshlig‘i bo‘lgan bobosidan ruxsat so‘radim. Bobosi ancha payt “Kerakmas, bizga yordamni Xudo bersin. Biz hech kimdan xafa ham emasmiz, kimdandir nimadir tama ham qilmayapmiz, umidvor ham bo‘lmayapmiz. Shu uch go‘dak biravakayiga tug‘ilishining o‘ziyoq biz uchun bayram va xursanchilik bo‘ldi”, degan fikrlarni bildirdi. Ammo men unga “Egizaklarning bobosi sifatida xursandsiz, otasi sifatida o‘g‘lingiz ham xursand yurgandir, lekin o‘sha egizaklarni parvarish qilishdagi qiyinchiliklar asosan keliningiz va oiladagi boshqa ayollarining gardaniga tushadi. Shunday ekan, men ham sizni nimadir tama qilyapti deb yozmayman. Shunchaki mahalla mutasaddilarining, qishloq QVPning, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi va hokimligi mutasaddilarining e’tiborsizligi haqida yozaman. Ular shu egizaklarning onasiga ham, o‘ziga ham moddiy yordam bermasin, hech bo‘lmasa quruq qo‘l bilan borib bo‘lsa-da hol-ahvol so‘rashi lozim edi”, deganimdan so‘ng egizaklar haqida yozishimga rozi bo‘ldi.

Men ham o‘sha egizaklarga Urgut tuman hokimiyati yoki tuman xotin-qizlar qo‘mitasi nimadir sovg‘a bersin deb emas, Xudo shohid, oilasiga ozroq e’tibor bersin deb qog‘oz qoraladim.

Maqolani yozib bo‘lganimdan so‘ng uni muharrirga tashlab berishdan avval “Shu gaplar kerakmikan, o‘rinlimikan?” deb obdon o‘ylab ko‘rdim. Keyin o‘yladim: Xo‘p, bu oila hech kimning yordamisiz hozircha egizaklarning parvarishini eplayapti, ammo qachongacha eplay oladi? Qolaversa, bular-ku eplayapti, agar egizaklar parvarishni eplay olmaydigan kam ta’minlangan bir oilada tug‘ilganida nima bo‘lar edi? Maqola OAVda e’lon qilinishi shart, zora shunda nafaqat Urgut tuman hokimiyati mutasaddilari, xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari, balki boshqa tuman hokimiyat va xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari sergakroq bo‘lib, o‘z ishlariga e’tiborliroq bo‘lsa.

To‘g‘ri, hokimiyat balki bunday oilalarga yordam ko‘rsatishga majbur emasdir. Ammo uch egizak Urgut tumanida har kuni ham tug‘ilayotgani yo‘q. Shu uchun hokimiyat tomonidan ozgina e’tibor berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Albatta, hokimiyat mutasaddilari hodisadan xabar topib egizaklar va ularning onasiga e’tibor berishga va’da berdi. O‘ylaymizki, ular albatta va’dalarini bajaradi.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.