Xorazmlik bir necha fuqaro Romitan tumanidagi Qizilravot cho‘li hududidagi saksovul butalarini tashib ketish bilan bog‘liq qonunbuzarlik sodir etdi. Bu haqda “Daryo”ga Buxoro viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qizilravot cho‘lida saksovul, yulg‘un, shuningdek, boshqa yovvoyi daraxt va butalar o‘sadi. Ushbu cho‘l bevosita Xorazm viloyati kengliklariga tutashgan.
Ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 4-sentabr kuni xorazmlik fuqarolar 2 ta avtomashinada har biri kamida 2,5 tonnadan saksovul kundasini talon-toroj qilgan.
O‘g‘irlangan saksovul butalari hamda qonunbuzar shaxslarga tegishli avtomashinalar ham ashyoviy qurol sifatida rasmiylashtirilgan.
Ayni paytda aniqlangan holat yuzasidan o‘g‘irlik sodir etgan fuqarolarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 79-moddasi 2-qismiga muvofiq bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, joriy yil avgust oyida boshqarma, Romitan tuman hokimligi hamda viloyat transport departamenti tomonidan uyushtirilgan reyd tadbirlarida xorazmliklar tomonidan sodir etilgan 5 ta qonunbuzarlik qayd etilgandi. Har bir holatda kamida 5 tonna, ya’ni jami 30 tonnaga yaqin saksovul kundasi talon-toroj qilingan.