O‘zbekistonda chet elliklar uchun mahalliy banklardagi ulushni sotib olish osonlashtiriladi. Bu haqda Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov ma’lum qildi.
“Biz O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish sohasidagi islohotlarni davom ettirmoqdamiz. Endi xorijiy investorlarga Markaziy bank roziligisiz tijorat banklardan 5 foizgacha miqdorda aksiyalarni sotib olish ruxsati beriladi”, — deydi Otabek Nazirov Facebook’da qoldirgan postida.
Shu paytgacha xorijliklar mahalliy bankning, hatto bir foiz ulushini sotib olish uchun ham Markaziy bankning ruxsatini olishi shart edi. Endi aksiyalar xarid qilinishi to‘g‘risida xabarnoma jo‘natilishi kifoya.
Ekspert Karen Srapionovga ko‘ra, bozor bu o‘zgarishlarni 12 yil kutdi.
“2007-yilda Markaziy bank ruxsatisiz norezidentlar tomonidan banklar aksiyalarini erkin sotib olinishi man etildi. Shundan beri xorijiy investorlar tomonidan bank aksiyalari borasida amalga oshirilgan bitimlar barmoq bilan sanarli bo‘ldi. Ularning barchasi nazorat paketi yoki salmoqli ulush bo‘lgan”, — deydi Srapionov.
Izoh (0)