Samarqanddagi Ro‘dakiy va Bo‘stonsaroy ko‘chalari chorrahasida avtomobil transporti va tramvaylar uchun tunnel qurilishi boshlandi, deb xabar bermoqda Samarqand viloyati hokimligi matbuot xizmati.
Tunnel tipidagi yo‘l o‘tkazgichning umumiy uzunligi 534 metr bo‘ladi. Tunnel qismining uzunligi 93 metrga yetadi. Bo‘stonsaroy ko‘chasi bo‘ylab kengligi 6 metr, balandligi 3 metr bo‘lgan piyodalar yer osti o‘tish yo‘lkasi ham qilinadi.
Qayd etilishicha, loyiha qiymati 67 milliard 730 million so‘mni tashkil etadi. Qurilishda 14 750 kub metr yig‘ma va monolit temirbeton ishlatiladi. Bunda, 7 375 tonna sement, 3 130 tonna armatura, 78,5 tonna metall prokat ishlatiladi.
Eslatib o‘tamiz, Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitini yuqori saviyada o‘tkazish doirasida Samarqand shahrida keyingi uch yilda 4 ta yerosti yo‘laklari qurilishi belgilandi.
Unga ko‘ra, Samarqand shahrida 2019—2022-yillarda Bo‘stonsaroy va Ro‘dakiy ko‘chalari kesishuvida (93 metr), Mirzo Ulug‘bek va Gagarin ko‘chalari kesishuvida (47 metr), Dahbed va Ibn Sino ko‘chalari kesishuvi (50 metr) hamda Ro‘dakiy va Gagarin ko‘chalarining chorrahalarida (40 metr) tunnellar quriladi.
Qurilish ishlari respublika budjeti hamda “Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.