“Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorda kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasallikka chalingan bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Shuningdek, 2019—2024-yillarda ushbu bolalarga tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Dasturga muvofiq ko‘rsatilgan kasalliklarni bolalarda tashxislash va davolash uchun jami 424,6 milliard so‘m va 548 ming yevro ajratiladi.
Qarorga ko‘ra orfan kasalliklarni davolashda ishlatiladigan tibbiy buyumlarni import qilish davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmasdan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat asosida amalga oshiriladi.