O‘zbekiston Prezidentining 2019-yil 31-avgustdagi qaroriga muvofiq, Sherzod Xidoyatov Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Lavozimga tayinlangunga qadar Sherzod Xidoyatov 2018-yil mayidan buyon Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida obyektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi davlat unitar korxonasi direktori vazifasida ish yuritayotgan edi.
Sherzod Xidoyatov 1980-yilning 20-avgustida Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2006-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tugatgan.
Mehnat faoliyatini 1998-yilda Oliy xo‘jalik sudining Tashkiliy-nazorat boshqarmasi umumiy bo‘limida nusxa ko‘chirish bo‘yicha nozirlikdan boshlagan. Turli yillarda bir qator korxona va tashkilotlarda mehnat qilgan.
Toshkent shahar hokimiga aylangan Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘rniga 2018-yil mayigacha Tashkent City xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida obyektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi direktori etib tayinlangunicha Akfa kompaniyalari guruhida qurilish ishlari bo‘yicha direktor bo‘lgan.
Bundan avval Botir Zokirov prezident farmoni bilan Qurilish vaziri lavozimiga tayinlangani xabar qilingandi.
Izoh (0)