O‘zbekiston terma jamoasi Ektor Kuper JCh—2022 2-saralash bosqichi 1-turi doirasida Falastinga qarshi kechadigan o‘yin oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Birinchi o‘yin hamisha juda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, saralash o‘yinlarini g‘alaba bilan boshlash juda-juda muhim. O‘tkazilgan yig‘in davomida mazkur o‘yinga jiddiy hozirlik olib borishga harakat qildik. O‘ylashimcha, bir qator jihatlardagi kamchiliklarni yaxshilay oldik. Mazkur o‘yindan ijobiy natija kutyapman.
Yana shuni alohida qayd etishim lozimki, guruhdagi har bir raqib – jiddiy jamoa. Har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Lekin ertangi uchrashuvda faqat 3 ochkoni ko‘zlagan holda maydonga chiqishimizni ayta olaman.
Maqsad — guruhda birinchi bo‘lish. Buning uchun birinchi galda o‘yinni yaxshilash lozim. Shunda raqib zarur bo‘lsa, bizning o‘yinga qarab harakat qilishga majbur bo‘ladi.
Jahon Chempionatiga yo‘l olish uchun birinchi navbatda butun jamoa birlasha olishi hamda o‘z kuchiga ishona olishi talab etiladi. To‘g‘ri, O‘zbekiston hali mundialga yo‘l ola bilmagan. Lekin imkonsiz narsaning o‘zi yo‘q. Bu gal bizda maqsadga erishish imkoni bor. Faqat tarkibdagi hamma o‘z kuchiga ishona bilishi lozim.
Jahon Chempionatiga chiqishning o‘ziga xos siri yoki berkitadigan jihati yo‘q. Buning uchun jamoa o‘z ustida ishlashni to‘xtatmasligi hamda bitta maqsad sari intilishi zarur”, — dedi Ektor Kuper.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)