Yevropa kosmik agentligi (YKA) yaqin yillarda Xalqaro kosmik stantsiyaga (XKS) kosmonavtlarni yetkazib berishda Rossiyaning “Soyuz” kosmik kemalaridan foydalanmaydi. Bu haqda YKAning Rossiyadagi doimiy vakolatxonasi rahbari Rene Pishel ma’lumotlariga tayanib Interfax xabar qildi.
“Yaqin yillarda bizning kosmonavtlarimiz Amerika kosmik kemalarida uchadi”, — dedi Pishel Yevrosiyo Aerokosmik Kongressidagi nutqida.
Uning ta’kidlashicha, bu yevropalik kosmonavtlarning AQSh kvotasi bo‘yicha uchishi bilan bog‘liq. Shu bilan birga, Pishel, agar AQSh va Rossiya “o‘zaro parvozlar” to‘g‘risida kelishib olsa, yevropalik kosmonavtlar yana Rossiya kosmik kemalaridan foydalanishni boshlashi mumkinligini istisno qilmadi.
Rossiyaning “Soyuz” kosmik kemasi kosmonavtlarni XKSga yetkazishning yagona vositasi. AQSh hozirda o‘z kosmik kemalarini ishlab chiqmoqda.
Ayni damda kosmonavtlar “Soyuz-FG” raketasi yordamida XKSga yuborilmoqda. Eskirgan Ukraina analog boshqaruv tizimiga ega raketa uchish moslamasidan modifikatsiya qilingan, Rossiyaning raqamli boshqaruv tizimi bilan jihozlangan “Soyuz-2.1a” raketa uchish moslamasiga o‘tish rejalashtirilgan. Rossiya “Soyuz-FG” raketasidan foydalanish 2020-yilda to‘xtatilib, “Soyuz-2.1a” raketasi yordamida kosmosga uchish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)