Bir qancha muddatdan beri qidiruvda bo‘lgan aliment to‘lovini to‘lamagan qarzdorlar topildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, Kosonsoy tumani “Ravot” mahallasida yashovchi qarzdor G‘.Boboyev 2001-yilda tug‘ilgan bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun har oyda topgan har qanday daromadining 1/4 qismi miqdorida aliment to‘lashi ko‘rsatilgan.
Qarzdor G‘.Boboyevning farzandi 2019-yil fevral oyida 18 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, aliment to‘lovlarini to‘liq amalga oshirmasdan, hatto yashash uyiga kelmay, yashirinib, ishlash maqsadida noma’lum tomonga chiqib ketib, qochib yurgan.
O‘z navbatida, davlat ijrochisi tomonidan qarzdor G‘.Boboyevga nisbatan joriy yilning 13-avgustida qidiruv e’lon qilingan.
Majburiy ijro byurosining Kosonsoy tumani bo‘limi qidiruv bo‘yicha katta inspektori tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida qarzdor G‘.Boboyev Toshkent shahrida yurganligi aniqlandi va 21-avgust kuni olib kelindi. Ijro harakatlarini davom ettirish maqsadida davlat ijrochisiga topshirilgan.
Qidiruv xodimi va davlat ijrochisi sa’y-harakatlari bilan qarzdor G‘.Boboyevdan 10 million so‘m aliment puli undirilib, ijro hujjati tamomlandi.
Shu kabi sud qaroriga ko‘ra, qarzdor Kosonsoy tumani “Chak” MFYda doimiy yashash uchun ro‘yxatdan o‘tgan qarzdor A.Rahmatullayev undiruvchi Z.Baxromxo‘jayeva foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish belgilangan edi.Ijro harakatlarini amalga oshirish davomida qarzdor 2000-yildan beri yashash manzilida yo‘qligi, qayerdaligi noma’lumligi sababli qarzdor A.Rahmatullayevga nisbatan 2017-yilning 30-may kuni qidiruv e’lon qilingan.
Qidiruv natijasida qarzdor A.Rahmatullayev Toshkent shahrida vaqtincha ro‘yxatda turib yashab kelayotganligi aniqlanib, qidiruv xodimining harakatlari bilan 21-avgust kuni Byuroning Kosonsoy tumani bo‘limiga olib kelinishi ta’minlandi.
Shuningdek, shu kuni qarzdor A.Rahmatullayevdan 4 million so‘m aliment pullari undirilib, undiruvchi Z.Baxromxo‘jayevaga topshirildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘tgan davrda 11 nafar qidiruvdagi qarzdor shaxs topilib, 43,2 million so‘m aliment pullari undirib berilishiga erishilgan.
Izoh (0)