Markaziy saylov komissiyasining “Saylov—2019” mobil ilovasi yaratiladi. Bu haqda MSKning 24-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishida muhokama qilindi.
Mobil ilovadan foydalanish uchun dastlab ilova mobil telefon yoki kompyuterga internet orqali yuklab olinadi. Ilovaning ma’lumotlar bazasi yuklab olingach, undan oflayn tarzda, ya’ni internet aloqasisiz ham foydalanish mumkin.
Ta’kidlanishicha, ushbu mobil ilova saylov komissiyalarining samarali faoliyati uchun qo‘shimcha qulaylik va imkoniyatlar yaratadi. Undan saylovga oid qonun hujjatlari, saylov komissiyalari faollari haqida ma’lumotlar, saylovchilar, komissiya a’zolari, siyosiy partiyalar va nomzodlar hamda kuzatuvchilar uchun uslubiy tavsiyalar, saylov faollarining bilimini oshirishga doir o‘quv materiallari, kitoblar va maqolalar, saylov mavzusi bo‘yicha savol-javoblar o‘rin oladi.
Shuningdek, saylovchilarga o‘z saylov uchastkasini topishida ko‘maklashish uchun maxsus havola ham joylashtiriladi.
“Saylov—2019” mobil ilovasidagi ma’lumotlarni o‘zbek tilida kirill va lotin alifbolarida hamda qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida to‘ldirish imkoniyati yaratiladi.
Izoh (0)