Toshkent “Shimoliy” temir yo‘l vokzalida xorijga chiqayotgan yo‘lovchilar uchun huquq tartibot idoralari xodimlari tomonidan aholining xorijda mehnat faoliyatini olib borishi, o‘qishi, sayohat qilishi bilan bog‘liq targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Mutaxassislarning fikricha, o‘zboshimchalik bilan xorijga ketayotganlarning aksariyati odam savdosi qurboniga aylanyapti yoki aldovlarga ishonib noqonuniy hujjatlar uchun ko‘p sarf-xarajatga tushmoqda. Shu bois ham xorijga chiqayotgan yurtdoshlar uchun muntazam targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Bugun O‘zbekiston xorijdagi, xususan, Rossiyadagi muhojir fuqarolariga e’tibor bermay, tashlab qo‘ygani yo‘q. Ularning aldanib qolmasligi, turli muammolarga duch kelmasligi uchun amaliy choralarni ko‘rmoqda.
Targ‘ibot davomida xorijda noqonuniy qo‘lga olish, oyliklarni to‘lamaslik, noqonuniy deportatsiya, hujjatlarni rasmiylashtirishdan noqonuniy bosh tortish kabi migrantlar huquqlarining buzilishiga oid holatlar kuzatilganda kimga va qay tartibda murojaat qilishi kerakligi tushuntirildi.
Mutaxassislar migrantlarga yordam ko‘rsatish, bu borada qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlari haqida to‘liq ma’lumot berdi.
Izoh (0)