“Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi ma’muriyati tomonidan Paxtakor va Alisher Navoiy bekatlari oralig‘ida yo‘lovchilarning bo‘sh vaqtlarida milliy va jahon adabiyotidan bahramand bo‘lishi uchun mo‘jazgina kutubxona tashkil etildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning Axborot-tahliliy media markazi xabar beradi.
Unda taniqli dramaturg va yozuvchilar, yosh shoirlarning ijod mahsullari, jahon adabiyotlari taqdim etilgan. Bundan tashqari, yo‘lovchilarga yanada qulaylik yaratish maqsadida qandolat mahsulotlari va salqin ichimliklar sotib olish uchun sharoitlar yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi PQ 3271-sonli “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, nutq madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda ham bu borada bir qator ishlar amalga oshirilyapti.
Xususan, yangi kitoblar xarid qilindi, mavjud kutubxonalar yangidan ta’mirlanib, moddiy texnik bazasi yangilandi. Kuni kecha kitobxonlikni targ‘ib etish bo‘yicha yana bir yangilikka qo‘l urildi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Temir yo‘l transporti xodimlari kuni munosabati bilan aynan shu yerda O‘zbekiston Davlat filormoniyasi ijodkorlari ishtirokida mumtoz musiqa konserti barchaga namoyish etilgan edi.
Izoh (0)