Tadbirkorning uyini noqonuniy buzilishini o‘rganish bo‘yicha Toshkent shahar hokimiga O‘zbekiston milliy markazi rahbari kiritgan xat uchun Akmal Saidovni bir oy ko‘zini ochirishmagan. Saidov bu haqda 6-avgust kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimov.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Eslatib o‘tamiz, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 27-aprel kuni shahar hokimligi binosida investor Muhammadbobur Xo‘jayev va uning sherigi, xususiy quruvchi Aziz Zokirov bilan muloqot o‘tkazgandi. Unda Muhammadbobur Xo‘jayevga o‘ziga tegishli Rishton ko‘chasidagi 106-uyning buzilishi natijasida 600 kishi ishsiz qolib, tadbirkor 1,35 million dollar zarar ko‘rgani bo‘yicha masalalar o‘rtaga tashlanib, ikki tomon muzokara olib borgan. Uchrashuv avvalida hokim Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi rahbari Akmal Saidov tomonidan yuborilgan xatni o‘qib eshittirgandi. Xatda tadbirkorning shikoyati o‘rganib chiqilishi hamda OAVda tarqalayotgan xabarlarni qonuniy va adolatli ko‘rib chiqish so‘ralgan.

Anjumanda Akmal Saidov uylarni noqonuniy buzilmasligini birinchi bo‘lib Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz aprel oyida ko‘tarib chiqqanini ta’kidladi.

“Xususiy uy muqaddas-ku, sudni qarorisiz uyni buzish mumkin emas. Bunga hokim janoblari qachon amal qiladi? Xo‘jayevning uyi buzib yuborilganda Ortiqxo‘jayev janoblari bilan kim uchrashuv tashkil qildi? Ortiqxo‘jayev menga murojaat qilib, rosa kesatdi-ku: ‘Janob Saidov menga xat yozdi’, deb. Men oddiy fuqaro kelsa ham yozaman, qabul qiling, deb aytdim, qabul qildi. O‘shanda hammasi to‘xtab, qolganlar ham quloq solganda edi, hozirgi kundagi ahvolga kelmas edik. Hamma katta-katta rahbarlar Saidov shunaqa debdi deb, bir oy meni ko‘zimni ochirmadi. Tadbirkor tug‘ushgan qarindoshim emas, kelib: ‘Yordam bering, hokim meni qabul qilsa bo‘ldi, masalani tushuntirib beraman’, dedi. Xatda buzilishlar qonun doirasida bo‘lishini yozdim. Qurishda qonun buzilgan bo‘lsa, uyni buzish kerakdir? Lekin sud qarori bilan buzish kerak! Qurilish qoidalari buzilgan bo‘lsa, u meni ishim emas, uni tartibga soluvchi ekspertizasi va boshqa tegishli idoralari bor. Lekin buzilgan uyning mablag‘ini kim qaytaradi? Buzishga buzibsizlar, mayli, kompensatsiyasini to‘lab beringlar, quruvchi pul sarflagan-ku dedim”, — dedi Saidov.

Markaz rahbarining ta’kidlashicha, agar o‘sha vaqtda hamma bosh ko‘tarib, bunga qarshi chiqqanida, balki hozirgidek Yakkabog‘dagi hokim o‘rinbosariga o‘t qo‘yishlar, Rishtondagi dod-voylar, Urganchdagi kabi katta e’tirozlar bo‘lmas edi.

“Gazak olib ketdi. Hech kim indamadi, faqat meni bir oy ko‘zimni ochirishmadi. Agar o‘shanda to‘xtatilganda, boshqalar ham quloq solganda, hozirgi kundagi noxushliklar bo‘lmasdi. O‘zbekistonning xalqaro obro‘siga katta dog‘ tushirgan harakatlarni bittasi shu bo‘ldi. Xalqaro darajaga chiqib ketishiga o‘zimiz sharoit yaratib berdik. Xususiy mulk daxlsiz bo‘lmasa, xorijiy sarmoyador keladimi? Investor: ‘O‘zbekistonda hozir qurilgan uy buzib tashlanayotgan ekan, qanday borman?’, deydi. Men chet elda ishlaganman, chet eldagi hamkasblar bilan muloqot qilaman, ularni qonunga, xususiy mulkka munosabatini bilaman-ku. Ertaga mulkini himoya qila olishiga ishonch beruvchi mustaqil sud va ta’ziq o‘tkazmasliklariga asos kerak. Shunda O‘zbekistonga birov keladi. Bitta odamning uyini buzishning katta siyosiy ahamiyati ham bor. Biz mamlakat miqyosida emas, xalqaro miqyosda fikrlashimiz lozim”, — dedi markaz rahbari.

Avvalroq tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev va Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev uchrashuvidan so‘ng Davlat soliq qo‘mitasi soliq qonunchiligini buzgani iddao qilingan tadbirkor ishini o‘rganishni boshlagani xabar qilingan edi. Lekin o‘rganish natijalari e’lon qilingani yo‘q.

Shuningdek, uchrashuvda Artel va Akfa xodimlari Ramziddin Qo‘chqorov va Bahodir Hakimovning 4,8 milliard so‘mni “qora bozor” dan qariyb 500 ming dollarga ayirboshlangani haqida o‘zlari aytib bergan edi. Lekin hanuzgacha huquqni muhofaza qiluvchi organlar katta miqdordagi valyutani noqonuniy ayriboshlash bo‘yicha ish ochilgani haqida xabar bermadi.