Kecha, 29-iyul kuni, Moskva viloyatidagi “Patriot” parkida “Tank biatloni” musobaqasi uchun qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, musobaqa ikki guruhda o‘tkazilmoqda. Birinchi guruhda 12, ikkinchi guruhda esa 13 ta jamoa ishtirok etadi.
“ArMI — 2019” Nizomiga ko‘ra, har bir guruhdan alohida g‘oliblar aniqlanadi. Birinchi guruhda musobaqa tashkil qilinganidan buyon ishtirok etib kelayotgan jamoalar o‘rin olgan bo‘lsa, ikkinchi guruhdan ilk bor “Tank biatloni” musobaqasida qatnashayotgan mamlakatlar harbiylari joy olgan.
Qur’a tashlash natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik harbiylar ishtirokidagi bahslar 4, 6, va 8-avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Ular ko‘k rangli tankda uchinchi yo‘lak bo‘ylab birinchilik uchun kurashadi. Kunning ikkinchi qismida jamoalar musobaqa davomida harakatlanishi uchun jangovar texnikalarni qabul qilib oldi.
Eslatib o‘tamiz, bu yilgi xalqaro armiya o‘yinlari doirasida 32 yo‘nalish bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Unda 36 ta davlatdan jami 221 ta jamoa ishtirok etyapti. “ArMI — 2019” bahslari dunyoning 10 ta davlatida o‘tkazilyapti. Musobaqaning tantanali ochilish marosimi 3-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)