2019-yil 26-iyul kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Maktabgacha ta’lim vazirligining 2019-yil birinchi yarim yilligida amalga oshirilishi belgilangan maqsadli vazifalarni bajarish yuzasidan hisoboti eshitildi, bu haqda jurnalist Jonibek Ma’rupov “Daryo”ga ma’lum qildi.
Majlisda mamlakatda uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, bu borada olib borilayotgan islohotlarga e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, sohaga doir dolzarb masalalar hamda vazirlik faoliyatini o‘rganish chog‘ida aniqlangan xato va kamchiliklar qizg‘in muhokama qilindi.
Xususan, bugungi kunda 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan 1,5 milliondan ortiq bola yoki ularning 60 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga jalb etilmay qolinmoqda. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida yangi qurilayotgan uylar atrofida maktabgacha ta’lim muassasalariga bo‘lgan ehtiyoj oshib bormoqda. Ayni vaqtda hududlarda 981 ta mahallada maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil etishga ehtiyoj borligi ham majlisda alohida ta’kidlandi.
Bundan tashqari, joylardagi tuman maktabgacha ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularda zamonaviy sharoitlarni ta’minlash yo‘nalishida vazirlik tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar majlisda atroflicha muhokama qilindi. Xususan, ko‘pgina muassasalarda kompyuter vositalari bilan ta’minlash va ularni internet tarmog‘iga ulash bilan bog‘liq ishlar o‘z nihoyasiga yetmagan. Ayniqsa, Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida mazkur topshiriq to‘liq bajarilmagan.
Izoh (0)