Zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Har qadamda obodonlashtirish, har jabhada taraqqiy etish, har sohada o‘sish kuzatilmoqda. Bu o‘z-o‘zidan insonlarni faol bo‘lishga undaydi, shu jumladan, siyosiy partiya faollarini ham. Bugun deputatning “uxlab” yotadigan davri o‘tdi, deb yozadi O‘zA.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashining navbatdagi yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.
“Bugun siyosiy partiya faollari amalga oshirgan tashabbuslar kirib bormagan xonadon yo‘q. Ammo bu bilan hammasiga erishdik, demoqchi emasmiz. Shu tarzda yanada birdam bo‘lib ishlashimiz kerak. Jarayonlarda asosan yordamga muhtoj xotin-qizlarga e’tibor qaratyapmiz. Hududlarda vaqtincha ishsiz, kasb-hunarga ega bo‘lmagan xotin-qizlarga bepul tikuvchilik, bichuvchilik, to‘quvchilik o‘rgatiladigan o‘quv kurslari va to‘garaklar tashkil etdik. Maqsadimiz har bir ayolni kasbga yo‘naltirish”, — deydi partiyaning Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Vasila Fayziyeva.
Tadbirda kun tartibiga qo‘yilgan qator mavzular muhokama qilindi. Partiya a’zolarini yanada faollikka chaqirish, yoshlarni siyosiy jarayonlarga jalb qilish, ayol deputatlar sonini oshirish va xotin-qizlardan keladigan murojaatlarni ko‘rib chiqishda bu yanada ijobiy samara berishi, endi faol bo‘lmagan, vakolati doirasidagi vazifalarni uddalay olmaydigan deputatlar faoliyatidan chetlatilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilish tanqidiy, tahliliy ruhda o‘tdi.
Izoh (0)