Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida “Umar ibn Xattob” jome masjidining yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar bermoqda.
Marosimda Zafarobod tumani hokimi, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi va boshqalar ishtirok etdi.
“Masjidimiz binosi 2000-yili qurilgan bo‘lsada, biroq bugungi kunga kelib xonaqoh va tahoratxona tagidan yemirilib, avariya holatiga kelib qolgan edi. Sababi bu yerlarda sho‘rlanish kuchli. Yangi quriladigan masjidda albatta ana shu sharoitlar hisobga olingan holda zaruriy chora-tadbirlar ko‘riladi”, — deydi masjid imom-xatibi Faxriddin Rasulov.
Yangi masjid sig‘imi 250 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, shu yil yakuniga qadar bitkazilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari xalq hashari va mahalliy tadbirkorlar ko‘magida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, hozirgi kunda Jizzax viloyatida “Boymoqli”, “Qoratepa” (Zomin tumani), “Yangiqishloq” (Do‘stlik tumani), “Yangiqishloq-2” (Forish tumani) va “Jizzaxlik” (Sh.Rashidov tumani) masjidlari qulay sharoitlarga muvofiq holda yangidan qurilmoqda.
Izoh (0)