O‘zbekistonda 2019-yilning o‘tgan davrida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi suiqasd ko‘rsatkichlari tahlil qilinganda erkaklar bilan bog‘liq holat 57,3 foizni, ayollar bilan bog‘liq holat 42,7 foizni tashkil etdi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 11-iyul kuni o‘tkazilgan “Oiladagi zo‘ravonlik masalalari, turli vaziyatlar tahlili va bu borada olib borilayotgan chora-tadbirlar” mavzusidagi brifingda ma’lum qilindi.
“Hozirgi vaqtda o‘z joniga qasd qilish dunyo miqyosida jamiyatning global muammosiga aylanib qoldi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, har yili 4—5 million nafar inson o‘z joniga qasd qiladi. Yevropa mamlakatlari bu borada oldingi o‘rinlarda”. — degan brifingda so‘zga chiqqan Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova.
Ta’kidlanishicha, suiqasdning eng yuqori ko‘rsatkichlari so‘nggi yillarda rivojlangan mamlakatlarda qayd etilmoqda. Masalan, har 100 ming kishiga — Litvada 68,1 ta holat, Belarusda 63, Rossiyada 58, AQShda 52, Shri-Lankada 44, Ukrainada 40 ta holat to‘g‘ri keladi.
“O‘zbekistonda esa o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha yiliga har 100 ming kishiga 5,2 ta holat to‘g‘ri kelmoqda, lekin shu ko‘rsatkich ham biz uchun ko‘p”, — degan Bositxonova.
“Men foiz ko‘rsatkichlarida aytib o‘tdim, buni aholi soniga taqsimlab hisob-kitob qilsa, aniq raqamlar kelib chiqadi, — degan Bositxonova. — O‘zbekiston aholisi 33 million ekanini inobatga olsak va foizlar kesimida chamalasak, mamlakatimizda 700 dan ortiq erkak hamda 600 ga yaqin ayol suiqasd qilayotgani ma’lum bo‘ladi”.
Shuningdek, Prezident qaroriga muvofiq, joylarda zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bilan shug‘ullanadigan 165 ta markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ma’lum qilingan. Hozirga qadar ushbu markazlarga 5 ming 468 nafar xotin-qiz murojaat etgani qayd etildi.
Izoh (0)