5-iyul kuni Mudofaa vazirligiga qarashli oliy harbiy ta’lim muassasalari — Qurolli Kuchlar akademiyasi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik va O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtlariga o‘qishga hujjat topshirgan nomzodlar uchun davlat test sinovlari o‘tkazildi, bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Test sinovlari poytaxtning Yunusobod tumanidagi “O‘zekspomarkaz” va Olmazor tumanidagi “O‘zko‘rgazmasavdo” hamda Jizzax olimpiya zaxiralari kollejida bo‘lib o‘tdi. Shundan Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga 1 501, Qurolli Kuchlar akademiyasiga 1 655 va O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga 500 nafar abituriyent hujjat topshirib, o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.
“Esimni tanibmanki, dadamni harbiy libosda ko‘rganman va bu sharafli kasbga mehrim tushgan. Muddatli harbiy xizmatdan so‘ng shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatni davom ettira boshladim. Oliy harbiy ta’lim olish esa eng katta orzularimdan biri. Mana shu orzu bugun meni shu yerga yetaklab keldi”, — deydi Samarqand shahridagi harbiy qismlardan birida xizmat qilayotgan shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Avazxon Tojiboyev.
Mudofaa vazirligi tomonidan vazirlikning oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni tanlash yagona tanlov asosida, ya’ni kirish test sinovlari natijalari bo‘yicha to‘plangan ballarga muvofiq amalga oshiriladi.
“Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun bu yilgi test sinovlari katta sig‘imli pavilyonlarda o‘tkazilmoqda. Bu sinovlarning oshkoraligi va shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Test sinovlari o‘tkazilayotgan mazkur inshootlarga zamonaviy kuzatuv kameralari o‘rnatilib, onlayn kuzatuv ham yo‘lga qo‘yildi. Bu pavilyon tashqarisida tashkil qilingan maxsus kutish joyida o‘tirgan ota-onalar uchun farzandlarining test yechish jarayonini kuzatib borishida ham qulaylik yaratmoqda”, — deydi Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Akmal Ortiqov.
Izoh (0)