Farg‘onada toshdan qog‘oz ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Fergana Stone Paper Company O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi tashkil etildi, bu haqda O‘zA xabar qiladi.
Xususan, xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda toshdan ekologik toza qog‘oz ishlab chiqarish innovatsion loyihasi amalga oshirilmoqda.
Farg‘ona viloyati hokimi Sh.G‘aniyev 25—27-aprel kunlari Xitoyda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumida ishtirok etib, loyihani amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolagan. Davlat rahbarining 6—7-may kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur loyihaning taqdimoti o‘tkazilgan edi.
Bugun “Sayqal” mas’uliyati cheklangan jamiyati va Xitoyning Henan GX-Mach environmental technology co.LTD kompaniyasi o‘rtasida 7 million dollarlik toshdan qog‘oz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ta’sis shartnomani imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Kelishuvga asosan Fergana Stone Paper Company qo‘shma korxonasi ta’sis etildi.
“Bugungi kunda tarixiy jarayon ustida turibmiz. Chunki Farg‘ona shahrida MDH mamlakatlarida yagona bo‘lgan toshdan qog‘oz ishlab chiqarish sanoati tashkil etilmoqda. Loyihaning 3 million 593 ming dollariga uskuna va texnologiyalar olib kelinadi va bir yilda 9 ming tonnadan ziyod toshdan qog‘oz ishlab chiqariladi, — deydi “Sayqal” MChJ menejeri Temur Akramov.
Loyiha tashabbuskori Abdurahmon Niyozovning aytishicha, qog‘oz tayyorlash jarayonida ekologiyaga hech qanday zarar yetmaydi, balki oddiy tosh yoki kalsiydan foydalaniladi. Lekin tosh qog‘ozning sifati sellyuloza qog‘oznikidan butunlay farq qiladi. Ishlab chiqarilayotgan mahsulot ekologik toza. Masalan, odatiy qog‘oz ishlab chiqarish jarayonida sellyuloza va katta miqdorda suv kerak bo‘ladi. Ana shu suvning uchdan bir qismi zaharli moddalar hisoblanadi. Toshdan qog‘oz ishlab chiqarishda esa suv kerak bo‘lmaydi. Bundan tashqari, mahsulot suvda erimaydi, yozuvlar uzoq muddat davomida o‘chib ketmaydi. Allergik kasalliklarni keltirib chiqarmaydi. Tannarxi va sifat darajasi oddiy qog‘ozga nisbatan bir necha barobar arzon.
Eslatib o‘tamiz, toshdan qog‘oz ishlab chiqarish industriyasi sanoat darajasida faqatgina Xitoy va Tayvan davlatlarida yo‘lga qo‘yilgan. Farg‘ona viloyati ma’muriy markazida Xitoy bilan imzolangan bugungi shartnoma esa ular qatoriga O‘zbekistonni ham qo‘shdi.
Izoh (0)