Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakat Janubiy Kuril orollarini Yaponiyaga topshirmoqchi emasligini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Meduza.
“Bizda bunday reja yo‘q”, — deb aytgan Putin “Rossiya 1” telekanalidagi informatsion dasturga bergan intervyusida. Qayd etishlaricha, Putin Janubiy Kuril orollarida ko‘tarilgan Rosiya bayrog‘ini tushirishga to‘g‘ri kelmaydimi, qabilidagi savolga shunday javob bergan.
Sovet Ittifoqi Ikkinchi Jahon urushi yakunlariga ko‘ra Janubiy Kuril orollarini o‘z tarkibiga qo‘shib olgan. 1956-yili SSSR Yaponiya bilan tinchlik deklaratsiyasini imzolab, tinchlik shartnomasiga ham qo‘l qo‘yilgach, Shikotan va Xabomai orollarini Yaponiyaga qaytarib berishni va’da qilgan.
Biroq Yaponiya hukumati keyingi yillarda faqat ikkita emas, balki barcha orollarning qaytarilishini talab qilgani uchun, Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasida tinchlik shartnomasi hali ham imzolanmagan.
Izoh (0)