Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va grantlar ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami 3163, 31.05.2019-y.). Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram-kanali ma’lumot beradi.
Nizomga muvofiq, Jamg‘arma mablag‘laridan subsidiyalar quyidagi maqsadlar uchun ajratiladi:— ish beruvchilarga — bandlikka ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi bo‘yicha ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlashga sarflanadigan xarajatlarni qoplash uchun — har bir xodimga 6 oy mobaynida har oyda eng kam oylik ish haqining 4 baravari miqdorida;— bandlikka ko‘maklashish markazlarida ro‘yxatdan o‘tgan, tadbirkorlik qilishni xohlovchi ishsiz shaxslarga — tadbirkorlikni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun eng kam oylik ish haqining 10 baravari miqdorida;— ijtimoiy ehtiyojmand aholini kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga — har bir xodim uchun 12 oyda har oyda eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida;— yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, urug‘liklar, ko‘chatlar va sug‘orish vositalari xarid qilish uchun — eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan 10 baravarigacha bo‘lgan miqdorda.
Jamg‘armadan grantlar quyidagilar uchun beriladi:— kasb-hunar ta’limi muassasalariga — band bo‘lmagan shaxslarni kasbga qayta o‘qitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirishga;— kasb-hunarga o‘qitish markazlari, kollejlar va oliy o‘quv yurtlarida kasb-hunarga tayyorlash, agrotexnologiya, bog‘dorchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik hamda asalarichilik sohasida fermer va dehqon xo‘jaliklarining rahbarlari va ishchilari hamda tomorqa yer egalarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni moliyalashtirishga.
Izoh (0)