O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar uchun o‘quv-tarbiya muassasalari tashkil etiladi. Bu Prezidentning “Ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida” qarorida ko‘zda tutilgan.
Respublika qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Toshkent viloyati, Chinoz tumani, “Gulzorobod” mahallasi, Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani, Baxt shahri “Tadbirkor” mahallasida joylashtiriladi.
Respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Milliy gvardiya, qiz bolalar o‘quv-tarbiya muassasasi Ichki ishlar vazirligiga biriktiriladi. Ularga 14 yoshga to‘lgan va 18 yoshdan oshmagan voyaga yetmaganlar joylashtiriladi.
Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga quyidagilar:
ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan, lekin jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy kasallik bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘liq anglab yetishga qodir bo‘lmagan;
aybliligi to‘g‘risidagi masala hal qilinmay turib jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan, materiallar voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiyaga ko‘rib chiqish uchun topshirilgan bo‘lsa;
Respublika o‘quv-tarbiya muassasalariga joylashtirish tariqasidagi majburlov chorasi qo‘llanilgan holda jinoiy jazodan ozod qilingan voyaga yetmaganlar;
yakka tartibdagi profilaktika ishi olib borilayotganligiga qaramay muntazam ravishda huquqbuzarliklar yoki boshqa g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlar sodir qilishni davom ettirayotgan voyaga yetmaganlar sud qarori asosida joylashtiriladi.
Qo‘qon shahridagi maxsus yengil sanoat kolleji va Samarqand shahridagi 64-sonli o‘g‘il bolalar maktab-internatiga voyaga yetmaganlarni qabul qilish to‘xtatiladi. Ularda tarbiyalanayotgan voyaga yetmaganlar o‘qishni ushbu muassasalarda belgilangan tartibda tugatadi.
Izoh (0)