Bugun, 29-may – Ramazon oyining fayzli kunida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov Toshkent shahri Olmazor tumani “Siroj Solih” jome masjidining yangidan barpo etilayotgan binosining birinchi g‘ishtini qo‘yib berish uchun tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Jome masjid poydevoriga tamal toshini qo‘yish jarayonida muftiy ushbu masjid mo‘min-musulmonlar uchun ziyo va hidoyat tarqatuvchi, yoshlar ma’rifati yuksalishida hissa qo‘shadigan dargoh bo‘lishini tilab, duo-xayrlar qildi.Toshkent shahrining Qora-qamish mavzesidagi “Siroj solih” jome masjidi 1990-yillarda Sobiq sho‘rolar davridagi qatag‘on siyosati oqibatida o‘z yurtidan chiqib ketishga majbur bo‘lgan Sirojiddin Solih ismli kishining vasiyatiga ko‘ra, u kishining mablag‘lari hisobidan qurilgan.
Qariyb 30 yil mobaynida masjid ta’mirtalab holga kelib qoldi. Qolaversa, oxirgi paytlarda masjid jamoati sezilarli darajada ortib, xonaqoh torlik qilayotgan edi. Mahalla ahli ezgu niyat bilan masjidni qayta qurish taklifini ilgari surdi. Ushbu xayrli tashabbus mutasaddi tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangach, shu yilning yanvar oyida masjidda qayta qurish ishlari boshlab yuborildi.
2000 metr kvadrat maydonida quriladigan masjid loyihasi o‘ziga xosligi, milliy hamda zamonaviy masjidlarning uslublarini o‘zida aks ettirganligi bilan ajralib turadi. Xonaqoh va pastki qism jami 3500 namozxonni sig‘dirishga mo‘ljallangan. Shuningdek, ayollar uchun alohida tahoratxona va namozxona o‘rin olishi rejalashtirilgan.
Tadbirda ulamolar, mahalla faollari, mo‘ysafid otaxonlar va keng jamoatchilik vakillari ham ishtirok etdi.
Izoh (0)