Fransiyada tyulenlarni o‘ldirishda gumonlanayotgan kishi qo‘lga olindi, deb xabar berdi The Local.
Bir necha oy oldin Bretandagi plyajlarda qiynab o‘ldirilgan tyulenlar ko‘zga tashlana boshladi.
Noma’lum jinoyatchining harakatlari mahalliy aholi vakillarini darg‘azab qila boshladi. Ish shu darajagacha bordiki, dengiz faunasini muhofaza qilish jamiyati jonivorlar qotilini aniqlashga yordam bergan kishiga 10 ming yevro mukofot va’da qildi.
Mukofot puli e’lon qilingach, politsiya ushbu holat guvohlarini topishga muvaffaq bo‘ldi. Uch kishi so‘roq qilindi. Shundan so‘ng ulardan biri tyulenlarni o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olindi. U ikki yilga ozodlikdan mahrum etilishi va 150 ming yevrogacha jarima to‘lashi mumkin.
Birinchi kallasi uzilgan tyulenni fevral oyi o‘rtalarida Konkarno shahrida topishgan edi. Jinoyatchi tyulenning kallasini arqonga bog‘lab, osib ketgan edi.
Oradan bir oy o‘tib, yana bir boshi uzilgan tyulenni topishdi.
Gumonlanuvchi mahalliy baliqchi bo‘lib chiqdi. U nima sababdan bu ishni qilgani noma’lum. Biroq bir yil avval ushbu harakatni sodir etgan bir guruh baliqchilar dengiz jonivorlari ularning baliqlarini yeb qo‘yayotganini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)